Singapurda romantik uchrashuvlar xarajatlarini qoplab beradigan xizmat ishga tushirildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
U uchrashuv xarajatlarini ham qoplaydi
Foto: Nme.com

Singapur hukumati davlat xizmatchilariga juft topishga yordam beruvchi FirstDate onlayn xizmatini sinov tariqasida ishga tushirdi. Platforma foydalanuvchilarga mos juft tanlashdan tashqari, uchrashuv xarajatlarini qoplashga yordam beruvchi vaucherlarni ham taklif qiladi. Bu haqda Economic Times xabar berdi. 

Xizmatdan kimlar foydalanishi mumkin

FirstDate hozircha barcha fuqarolar uchun ochiq emas. Undan Singapur davlat xizmatida ishlaydigan, 21 – 35 yoshdagi va turmush qurmagan shaxslar foydalanishi mumkin.

Platformaga kirish Singapurning raqamli identifikatsiya tizimi Singpass orqali amalga oshiriladi. Foydalanuvchilar qiziqishlari, odatlari, shaxsiy qadriyatlari va bo‘lajak juftdagi istaklari haqidagi savollarni to‘ldiradi.

Juftlikni algoritm tanlaydi

FirstDate juftliklarni tanlashda matematikada Geyl–Shepli barqaror nikoh algoritmi nomi bilan tanilgan usuldan foydalanadi.

Har bir foydalanuvchiga mos keladigan bitta nomzod taklif qilinadi. Ikki tomon ham 72 soat ichida javob berishi kerak. Faqat o‘zaro rozilik bildirilgan taqdirdagina kontakt ma’lumotlari almashiladi.

Agar tomonlardan biri taklifni rad etsa, foydalanuvchi keyingi tanlov bosqichiga qaytariladi.

Hukumat uchrashuv xarajatlarini ham qoplaydimi

FirstDate barcha uchrashuvlar uchun to‘lovni to‘liq amalga oshirmaydi. Buning o‘rniga ayrim juftliklar «Date Quest» aksiyasi doirasida restoran yoki boshqa muassasadan vaucher olishi mumkin.

Buning uchun juftlikka berilgan topshiriqni bajarish talab etiladi. Masalan, ikkalasi ham avval tatib ko‘rmagan taomni sinab ko‘rishi, birgalikda selfi tushishi va vaucherdan foydalanish uchun maxsus shaklni to‘ldirishi mumkin.

Vaucherning qiymati va sonini GovTech belgilaydi. Mukofotlar «birinchi kelgan – birinchi oladi» tamoyili asosida tarqatilishi mumkin. Shu sababli xizmat barcha foydalanuvchilarga bepul kechki ovqatni kafolatlamaydi.

FirstDate qanday paydo bo‘ldi

Platforma Singapur hukumatining raqamli texnologiyalar bo‘yicha agentligi GovTechning yillik xakatonida ishlab chiqilgan g‘oyadan kelib chiqqan.

Loyiha jamoasi tanishuv platformalaridagi cheksiz profillar orasidan tanlash haqiqatan ham mos juft topishga yordam beradimi, degan savolni o‘rgangan. Natijada foydalanuvchiga bir siklda faqat bitta juft taklif qiladigan tizim ishlab chiqilgan.

Hozircha GovTech FirstDate xizmatini keng jamoatchilik uchun ishga tushirish rejasi haqida ma’lumot bermagan.

Avvalroq Singapur hukumati fuqarolarni kuniga kamida 15 daqiqa kitob o‘qishga undash uchun yangi dastur ishga tushirgandi.

Shuningdek