FIDE reytingi yangilandi: Abdusattorov va Sindarov kuchli beshlikdan joy oldi

FIDE 2026-yil sentabr yakunlari bo‘yicha jahon shaxmatchilari reytingini yangiladi. O‘zbekistonning ikki vakili – Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov kuchli beshlikdan joy oldi. Nodirbek Yoqubboyev esa bir oyda 13 pog‘onaga ko‘tarildi.
Sindarov va Abdusattorov kuchli beshlikda
O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Javohir Sindarov 2 782 ochko bilan jahon reytingida 4-o‘rinni saqlab qoldi. U sentabr oyida reyting ochkolarini 2 778 dan 2 782 taga oshirdi.
Nodirbek Abdusattorov esa 17,5 ochko ishlab, reytingini sezilarli yaxshiladi. U avgust oyidagi 7-o‘rindan 5-pog‘onaga ko‘tarildi.
Reytingda norvegiyalik Magnus Karlsen 2 823 ochko bilan birinchi o‘rinni saqlab qoldi. AQSh vakili Hikaru Nakamura 2 792 ochko bilan ikkinchi, uning hamyurti Fabiano Karuana 2 784 ochko bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
Yoqubboyev 13 pog‘onaga ko‘tarildi
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shgan Nodirbek Yoqubboyev ham reytingda katta o‘sishga erishdi.
U sentabr yakunlariga ko‘ra 2 712 ochko bilan 26-o‘rinni egalladi. Yoqubboyev bir oy avval 39-pog‘onada edi. Shu tariqa u 13 pog‘onaga yuqoriladi va reyting ochkolarini 26,7 taga oshirdi.
O‘zbekistonning kuchli yuztalikdagi boshqa vakillari orasida Rustam Qosimjonov 2 665 ochko bilan 48-o‘rinda bormoqda. Shamsiddin Vohidov esa 2 649 ochko bilan 66-pog‘onani egallagan. Muhiddin Madaminov 2 611 ochko bilan 127-o‘rinda qayd etilgan.
Afruza Hamdamova ayollar reytingida 26-o‘rinda
Ayollar o‘rtasidagi jahon reytingida O‘zbekistonning eng yuqori natijasini Afruza Hamdamova qayd etdi. U 2 447 ochko bilan 26-o‘rinni egallagan.
Gulruhbegim Tohirjonova esa 2 349 ochko bilan 91-pog‘onada joylashgan.
O‘zbekiston terma jamoasi kuchli beshlikda
Federatsiyalar o‘rtasidagi umumiy reytingda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 2 637 ochko bilan 5-o‘rinda turibdi.
Reytingning dastlabki uch pog‘onasini AQSh – 2 723, Hindiston – 2 704 va Xitoy – 2 663 ochko bilan egallagan.
Ayollar terma jamoalari reytingida esa O‘zbekiston 2 236 ochko bilan 20-o‘rinda qayd etilgan.
Avvalroq o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sovg‘a qilingan Volkswagen Teramont Pro avtomobilini ko‘rsatgandi.