Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri avtobusda: bu yerda piar yo‘q

eʼlon qilindi
Sherzod Hidoyatov oilaviy avtobusda yuradi, bu yerda piar yo‘q deya izoh berdi vazirlik matbuot kotibi
Foto: Sherzod Hidoyatovning instagram hikoyasi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovning avtobus o‘rindig‘ida o‘tirgan surati tarqaldi. Surat izohida vazir ishdan uyiga avtobusda qaytayotgani aytilgan. Biroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu haqda ma’lumot e’lon qilinmagan.

Kursiv Uzbekistan muxbiri holat yuzasidan vazirlik matbuot kotibi Saidnosir Usmonov bilan bog‘landi. Usmonov suratdagi shaxs, haqiqatan ham, Sherzod Hidoyatov ekanini tasdiqladi.

«Vazir odatda oilasi bilan avtobusda yuradi. Ushbu suratni uning o‘g‘li olgan. Sherzod Hidoyatov esa shunchaki mazkur rasmni Instagram’dagi hikoyasiga joylagan. Bu yerda hech qanday piar yo‘q», – dedi Saidnosir Usmonov.

Ma’lumot uchun, Sherzod Hidoyatov 1980-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. U 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. 2024-yildan buyon Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelmoqda. Sherzod Hidoyatov bir qator davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Jumladan, 2018-yilda «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Avvalroq «Kursiv» Surxondaryo hokimi ishga velosipedda qatnay boshlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek