Rossiyaga ishga ketuvchilar uchun kompleks markaz tashkil etiladimi

O‘zbekistonda Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarga safardan oldingi barcha asosiy jarayonlarni bir joyda o‘tkazish imkonini beradigan kompleks markaz tashkil etish taklif qilindi. Bu masala Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov uchrashuvida muhokama qilindi.
Taklif etilayotgan markaz «bir joyda barcha jarayonlar» tamoyili asosida ishlashi ko‘zda tutilmoqda.
Barcha jarayonlar bir joyda o‘tkazilishi mumkin
Markazda Rossiyaga ketishdan oldin zarur bo‘lgan testlar, tibbiy ko‘rik, biometriya va daktiloskopiyadan o‘tish hamda hujjatlarni tekshirish jarayonlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bu orqali fuqarolar Rossiyaga borishidan oldin zarur hujjat va tartiblarni O‘zbekistonda rasmiylashtirib olishi mumkin bo‘ladi.
Rus tili imtihonlari hududlarda ham o‘tkazilishi mumkin
Uchrashuvda rus tili imtihonlarini topshirish uchun Toshkentga kelish bilan bog‘liq vaqt va xarajatlarni kamaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Buning uchun to‘rtta hududda zarur infratuzilma tayyorlangani ma’lum qilindi.
Shuningdek, o‘qing: Rossiya O‘zbekistonga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqishni chekladi
Ish beruvchi va mehnat sharoiti oldindan ma’lum bo‘ladi
Yangi mexanizmning asosiy maqsadi Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar qayerda, qaysi korxonada va qanday sharoitda ishlashini oldindan bilishini ta’minlashdan iborat.
Shuningdek, nomzodlarni aniq ish beruvchining buyurtmasi asosida tashkillashtirilgan va qonuniy tartibda ishga yuborish ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadagi koloniyada 66 nafar o‘zbekistonlik jazo o‘tayotgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, Rossiyaning Buryatiya respublikasidagi 8-sonli axloq tuzatish koloniyasida 66 nafar O‘zbekiston fuqarosi jazo muddatini o‘tamoqda. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov ular bilan uchrashib, murojaatlarini o‘rgandi.