Portugaliyada Ronaldu o‘rniga yangi «7» paydo bo‘ldi

eʼlon qilindi
Rasmiy tarkibda Rafael Leao 7-raqam bilan qayd etilgan
Foto: FIFA.com

Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini tark etganidan keyin uning mashhur 7-raqami Rafael Leaoga berildi. «Galatasaroy» futbolchisi bu raqamda Daniyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Bu haqda RTP xabar berdi.

UEFAning Daniya – Portugaliya uchrashuvi uchun e’lon qilingan rasmiy tarkibida Rafael Leao 7-raqam bilan qayd etilgan. Avval u terma jamoada 17-raqamda o‘ynab kelgan.

Ronaldu ketganidan keyingi o‘zgarish

Ronaldu 2007-yildan buyon Portugaliya terma jamoasida 7-raqamni kiyib kelgan. U bu raqamni Luis Figuning terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganidan keyin olgan.

Shundan buyon «7» Ronaldu bilan chambarchas bog‘lanib, futbolchining «CR7» brendining bir qismiga aylandi. Portugaliya terma jamoasida Ronaldu bo‘lmagan ayrim uchrashuvlarda boshqa futbolchilar bu raqamni kiygan, biroq Rafael Leao uni Ronaldu ketganidan keyingi ilk rasmiy o‘yinda oldi.

Leao 7-raqamni, Fabio Silva esa 17-raqamni oldi

Raqamlar o‘zgarishi faqat «7» bilan cheklanmagan. Rafael Leao avval kiyib kelgan 17-raqam Dortmundning «Borussiya» klubi hujumchisi Fabio Silvaga berildi.

Fabio Silva Ronaldu yig‘inni tark etganidan so‘ng Daniya bilan o‘yin uchun Portugaliya terma jamoasining 23 futbolchidan iborat tarkibiga qo‘shildi. UEFA Millatlar ligasi uchrashuvlari uchun tarkibdagi futbolchilar raqamlanishi sababli Leaoning 17-raqami ham bo‘sh qolmadi.

Shu tariqa Ronaldu terma jamoadan ketganidan bir kun o‘tib, uning qariyb 20 yil davomida bog‘lanib kelgan raqami boshqa futbolchiga topshirildi.

Avvalroq Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini tark etgani uchun 6 oygacha diskvalifikatsiya qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek