O‘zbekistonda gaz, neft va ko‘mir qazib olish kamaydi

eʼlon qilindi
2026-yilning yanvar – avgust oylarida tabiiy gaz qazib olish 16,3%, gaz kondensati 14,8%, ko‘mir esa 10,2% ga qisqardi
Rossiyaning O‘zbekistonga gaz eksporti 10 mlrd kub metrdan oshishi mumkin
Foto: stat.uz

O‘zbekistonda yil boshidan beri bir qator asosiy energetika resurslarini qazib olish kamaydi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar – avgust oylarida 24,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 16,3% kam.

Shuningdek, neft qazib olish 2,2% ga kamayib, 425 ming tonnani, gaz kondensati esa 14,8% ga qisqarib, 648,3 ming tonnani tashkil etdi. Ko‘mir qazib olish ham 10,2% ga tushib, 4,4 mln tonnaga yetdi.

Benzin va dizel ishlab chiqarish oshdi

Shu bilan birga, avtomobil benzini ishlab chiqarish 4,6% ga oshib, 811,3 ming tonnaga yetdi. Biroq bu ko‘rsatkich 2024-yil darajasidan 9,7% pastligicha qolmoqda. Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish esa 6,1% ga ko‘payib, 834,3 ming tonnani tashkil etdi. Portlandsement ishlab chiqarish ham 2,2% ga oshib, 14,1 mln tonnaga yetdi.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish 7,3% ga o‘sdi

Yanvar – avgust oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish 7,3% ga oshib, 60,5 mlrd kVt·soatni tashkil qildi. O‘sish, asosan, kichik tadbirkorlik subyektlari hisobiga ta’minlangan – ular ishlab chiqarishni 32,4% ga oshirib, 20,17 mlrd kVt·soatga yetkazgan.

Yirik korxonalarda esa elektr energiyasi ishlab chiqarish 2% ga kamayib, 40,36 mlrd kVt·soatni tashkil etdi. Issiqlik energiyasi ishlab chiqarish ham 19,1% ga qisqarib, 10,9 mln Gkal bo‘lgan.

Avvalroq «Kursiv» Energetika vazirligi tomonidan yoqilg‘i-energetika korxonalari va iste’molchilariga individual tusdagi ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilinishi haqida yozgan edi.

Shuningdek