Senat umrbod qamoq jazosini ma’qulladi

Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutadi. Qonun endilikda prezident imzosiga yuboriladi.
2022 – 2025-yillarda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qarshi 805 ta ish qo‘zg‘atilgan
Senat majlisida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) bo‘yicha 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta va 2025-yilda 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bo‘yicha esa shu davrda 144 ta, 163 ta, 170 ta va 116 ta jinoyat ishi qayd etilgan.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha murojaatlar soni 2023-yildagi 56 tadan 2025-yilda 141 taga yetgan.
Ayrim jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq
Qonun bilan 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish yoki zo‘rlik ishlatib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun jazo kuchaytirilmoqda.
Bunday jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatining o‘tib ketishi qo‘llanilmaydi.
Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyatlar uchun shartli hukm chiqarish hamda mahkumni muddatidan ilgari shartli ozod qilish imkoniyati bekor qilinadi.
Bolalar ishtirokidagi tergov jarayonlari video qayd etiladi
Qonun bolalar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq protsessual tartiblarni ham o‘zgartirishni nazarda tutmoqda.
Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk bosqichdan boshlab davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatiladi. Voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini video yozuvga olish majburiy etib belgilanadi.
Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining yuzlashtirilishi ham maxsus tartibda o‘tkaziladi. Jabrlanuvchi bola va ayblanuvchini yuzlashtirish faqat tergovchi yoki prokuror qarori yoxud sud ajrimi asosida amalga oshiriladi.
Agar zo‘ravonlikni oila a’zosi yoki yaqin qarindoshi sodir etgan bo‘lsa, jarayonda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy bo‘ladi.
Zo‘ravonlik qilgan xodimlarga bolalar bilan ishlash taqiqlanadi
Ta’lim va tarbiya muassasalarida bolalar bilan ishlaydigan xodim zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, uning mehnat shartnomasi ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin.
Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga ham cheklov o‘rnatiladi.
Qonunda ota-onalarning bolaga g‘amxo‘rlik qilmasligi, uning asosiy ehtiyojlarini qasddan ta’minlamasligi, nikoh yoshi bo‘yicha qonunchilikni buzishi va bolani sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmasligi uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish ham nazarda tutilgan.
Zo‘ravonlik qurbonlariga manzil bo‘yicha javob yuborilmaydi
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar hamda bolalar qayta zo‘ravonlikdan qo‘rqib murojaat qilishdan tiyilmasligi uchun yangi tartib joriy etiladi.
Ularning xohishiga ko‘ra, yashash manziliga yozma yoki elektron javob yuborilmaydi.
Bundan tashqari, bolani parvarish qilish majburiyatlarini bajarmaslik, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Voyaga yetmaganlar uchun ayrim majburlov choralari o‘zgartiriladi
Qonunda voyaga yetmaganlarni «maxsus o‘quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish» ko‘rinishidagi majburlov chorasini bekor qilish taklif etilmoqda.
Uning o‘rniga ta’lim, tarbiya yoki ijtimoiy xizmat tashkilotiga joylashtirish, shuningdek, ogohlantirish bilan nazorat ostiga olish kabi muqobil choralar qo‘llanadi.
Voyaga yetmagan shaxsga qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanishi, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan guruh bo‘lib sodir etilgan uyatsiz-besharmlik harakatlari uchun javobgarlikni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Senatorlar ma’qullagan qonun endi prezidentga imzolash uchun yuborildi.
Avvalroq bolalar bilan ishlaydigan tashkilotlarda zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaldagi mexanizmlarning ishlashi yuzasidan senator so‘rovi yuborilgandi.