Fransiyada o‘quvchilar zo‘ravonligi: maktablar yoqildi, direktorlar jarohatlandi

eʼlon qilindi
440 kishi qo‘lga olingan
Foto: Le monde

Fransiyada maktab o‘quvchilarining namoyishlari bir qator shaharlarda tartibsizlik va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylandi. Parijda maktab direktorlaridan biri benzinga o‘xshash yonuvchan suyuqlik bilan hujumga uchragan, mamlakatning boshqa hududlarida esa ta’lim muassasalarida yong‘inlar yuz bergan. Bu haqda BBC va Le Monde xabar berdi. 

Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar davomida 440 kishi qo‘lga olingan. Ularning aksariyati voyaga yetmaganlar. To‘qnashuvlarda 48 nafar huquq-tartibot xodimi jarohatlangan.

Marselda o‘t o‘chirish mashinasi yoqib yuborildi

1-oktabr kuni Parijda namoyishchilar maktab direktorlaridan biriga hujum qilib, uning ustidan yonuvchan suyuqlik quygan. Shu kuni kamida ikkita ta’lim muassasasida yong‘in chiqqan.

Marselda yuzlab yoshlar Sen-Exzyuperi litseyidagi yong‘inni o‘chirish uchun kelgan o‘t o‘chirish mashinasiga ham o‘t qo‘ygan.

Shahardagi Viktor Gyugo nomidagi boshqa litseyda esa maktab direktori hujum oqibatida jarohatlangan. Mazkur holat bo‘yicha tergov boshlangan.

Nantdagi maktabning foyesi butunlay yonib ketgan

Fransiyaning g‘arbiy qismidagi Nant shahrida ham namoyishchilar maktablardan biriga o‘t qo‘ygan. Yong‘in oqibatida ta’lim muassasasining foyesi to‘liq yonib ketgan. Lill shahrida o‘quvchilar chiqindi konteynerlaridan barrikadalar qurib, ularni yoqgan. Strasburgdagi maktablardan biri yaqinida ham konteynerlarga o‘t qo‘yilgan. Dijonda esa politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.

Namoyishlar nimadan boshlangan

Maktab o‘quvchilarining mamlakat bo‘ylab noroziliklari o‘tgan hafta boshlangan. Namoyishchilarning asosiy talablaridan biri maktablardagi o‘qituvchilar yetishmovchiligi va sinflarning haddan tashqari to‘lib ketishi bilan bog‘liq.

O‘quvchilar, shuningdek, ta’lim muassasalarining texnik holati va o‘quv yuklamasidan norozi bo‘lmoqda.

So‘nggi kunlarda namoyishlarga oliy ta’lim talabalari ham qo‘shilgan. Natijada ayrim shaharlardagi namoyishlar vandalizm va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylangan.

Fransiya rasmiylari zo‘ravonlik holatlarini qoralagan bo‘lsa, namoyishchilar politsiyani kuch ishlatishda ayblamoqda.

400 dan ortiq maktabdagi faoliyatga ta’sir ko‘rsatdi

Fransiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar yoki ular sabab yuzaga kelgan uzilishlar mamlakat bo‘ylab 400 dan ortiq maktab faoliyatiga ta’sir qilgan.

Hukumat namoyishlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni shahar tartibsizliklari va zo‘ravonlik holatlariga aylangan deb baholagan.

Ayrim maktablarda o‘quv jarayonini vaqtincha masofaviy shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan. Adliya vazirligiga esa tartibsizliklarda ishtirok etganlarni aniqlash va ularga nisbatan jinoyat ishlari doirasida choralar ko‘rish topshirilgan.

Avvalroq Fransiyada litsey o‘quvchilari mamlakatdagi ta’lim sharoitlari va maktablardagi muammolarga qarshi namoyishlar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek