GPT-6 Astra 200 yillik sirni ochdi

eʼlon qilindi
Bu maktub Napoleon davriga oid
Foto: Science.ru

OpenAI’ning GPT-6 Astra modeli Napoleon davriga oid 217 yildan beri to‘liq o‘qilmagan shifrli maktubni ochishga yordam berdi. 1809-yilda Fransiya generali August de Marmonga yuborilgan maktubdagi 1 300 ga yaqin shifr birliklari model yordamida tahlil qilinib, uning mazmuni tiklandi. Bu haqda tadqiqot muallifi Karter Cherch ma’lum qildi. 

Maktub Napoleonning o‘z qo‘li bilan yozilgan xat emas. U Italiya vitse-qiroli Yevgeniy de Bogarne shtabidan Marmonga yuborilgan maxfiy harbiy ma’lumotnoma bo‘lgan. Hujjat Napoleonning 1809-yil martidagi buyrug‘i asosida tayyorlangan.

Shifr 1969-yildagi jurnal nusxasidan tiklangan

Tadqiqot uchun 1969-yilda Fransiyaning harbiy-tarixiy jurnalida chop etilgan maktub reproduksiyasi ishlatilgan. Unda oddiy fransuz tilidagi birinchi qatordan keyin raqamlar, harflar va qo‘lda chizilgan belgilar bilan yozilgan 24 qator shifr mavjud.

Maktub uzoq vaqt tarixiy shifrlar bo‘yicha Cryptiana katalogida yechilmagan hujjatlar qatorida turgan. Katalogda u dastlab 1807-yilga tegishli deb ko‘rsatilgan, keyinchalik esa Cherchning tadqiqotidan so‘ng sana 1809-yilga tuzatilgan va hujjat yechilgan deb belgilangan.

GPT-6 Astra maktubni olti soatda tahlil qilgan

Cherchning yozishicha, model ishining umumiy bajarilish vaqti taxminan olti soat bo‘lgan. Astra dastlab skan tasvirini qatorlarga ajratib, undagi belgilarni raqamlashtirgan. Keyin mavjud tarixiy shifr kalitidagi ma’lumotlardan foydalanib, qolgan belgilar uchun ehtimoliy qiymatlarni izlagan.

Shifrda bitta harf bir nechta turli belgilar bilan ifodalanishi mumkin bo‘lgan. Ayrim belgilar esa butun so‘zlarni anglatgan. Shu sababli oddiy chastota tahlili orqali maktubni ochishning o‘zi yetarli bo‘lmagan.

Tadqiqotda qolgan belgilarni aniqlash uchun simulyatsion tavlash deb ataladigan optimallashtirish usuli ham qo‘llangan. Model hosil bo‘layotgan matnni fransuz tilidagi harf birikmalari bilan solishtirib, kalitning turli variantlarini tekshirgan.

Maktubda Napoleon qo‘shinlarining joylashuvi bayon qilingan

Tiklangan matnda 1809-yil bahorida Yevropadagi Fransiya va ittifoqchi qo‘shinlarning joylashuvi haqida ma’lumot berilgan.

Unda Bavariya, Polsha, Saksoniya va Fransiya qo‘shinlarining joylashuvi hamda ularning soni keltirilgan. Shuningdek, Rossiya qo‘shinlarining Avstriyaga qarshi harakatlanayotgani va Adriatika hududidagi fransuz kuchlari haqida ham ma’lumot berilgan.

Hujjat Avstriyaning Fransiyaga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rayotgan davriga to‘g‘ri keladi. Cherchning qayd etishicha, maktubdagi ma’lumotlar Napoleonning Marmonga yuborish uchun bergan ko‘rsatmalaridagi ma’lumotlar bilan ham mos keladi.

Besh belgi hali ham noaniq

Shifrning asosiy qismi tiklangan bo‘lsa-da, tadqiqot muallifi beshta belgining talqini hali aniq emasligini qayd etgan.

Masalan, ulardan biri «Janobi Oliylari» yoki «imperator» ma’nosini anglatishi mumkin. Yana bir belgi uchun turli fransuzcha so‘z variantlari mavjud. Biroq Cherchning ta’kidlashicha, bu noaniqliklar maktubning umumiy mazmunini o‘zgartirmaydi.

Tadqiqotchi shifr kaliti, qayta tiklangan matn va natijani tekshirish imkonini beruvchi kodni ham ochiq e’lon qilgan. Cryptiana katalogi yurituvchisi Satoshi Tomokiyo esa natijani tekshirgach, mazkur shifrni yechilganlar ro‘yxatiga kiritgan.

Shu bilan birga, bu natija hali ilmiy jurnal ekspertizasidan o‘tgan mustaqil tadqiqot emas, balki muallif tomonidan e’lon qilingan va qayta tekshirish uchun materiallari ochiq taqdim etilgan yechim hisoblanadi.

Avvalroq OpenAI ChatGPT’ga kiyim va aksessuarlarni virtual tarzda kiyib ko‘rish imkonini qo‘shgani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek