Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yandex Maps Toshkentda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay obyektlar haqidagi ma’lumotlarni kengaytirdi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Yandex Maps bilan hamkorlikda shahar infratuzilmasining nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatlanishi cheklangan aholi uchun qulayligi haqidagi ma’lumotlarni kengaytirdi. Loyiha doirasida Toshkentdagi 5 mingdan ortiq tashkilot: kafe va restoranlar, tibbiyot muassasalari, do‘konlar, xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda boshqa jamoat joylarining qulayligi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plandi. Endi Yandex Maps foydalanuvchilari muayyan tashkilot nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar uchun qanchalik qulay ekanini oldindan bilib olishlari mumkin.
Loyiha doirasida ma’lumotlar tashkilotlarni piyoda aylanib chiqish orqali to‘plandi. Tekshirilgan 5 mingdan ortiq obyektning 39 foizida nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar uchun kirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, mutaxassislar 794 ta tashkilotda panduslar, 613 tasida avtomatik eshiklar, 502 tasida nogironlar aravachasi uchun ko‘targichlar, 361 tasida maxsus avtoturargoh joylari, 249 tasida esa nogironligi bo‘lgan insonlar uchun moslashtirilgan hojatxonalar borligini aniqladi. Qulaylik elementlari orasida taktil plitkalar va xodimlarni chaqirish tugmalari ham qayd etilgan.
Ayni paytda Toshkentdagi 16 mingta tashkilotning Yandex Maps’da qulaylikka oid kamida bitta belgisi ko‘rsatilgan. O‘zbekiston bo‘yicha esa bunday ma’lumotlar 30 mingdan ortiq tashkilot uchun mavjud. Ma’lumotlarning kengaytirilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar bo‘ylab harakatlanishni yaxshiroq rejalashtirishga yordam beradi. Tashkilotga borishdan oldin foydalanuvchilar kirish joyining qulayligi va zarur infratuzilma elementlari mavjudligini oldindan tekshirishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya boshlig‘i Husniddin Qutpiddinov:
«Qulay shahar muhiti, jumladan, u haqidagi ochiq va tushunarli ma’lumotlardan boshlanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kerakli binoga mustaqil ravishda kira oladimi va u yerda zarur infratuzilma bormi-yo‘qmi, oldindan bilish muhim. Yandex Maps bilan hamkorlik bunday ma’lumotlarni yanada ochiq va qulay qiladi hamda insonlarga kundalik yo‘nalishlarini ishonchliroq rejalashtirishga yordam beradi».
Yandex Uzbekistan strategik rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Sardor Qodirov:
«Yandex Uzbekistan uchun texnologiyalar va xizmatlar turli insonlarning, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini ham hisobga olishi muhim. Biz o‘zimizning ijtimoiy loyihalarimizni rivojlantirish va davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda davom etyapmiz. Bunday hamkorlik foydalanuvchilarning real ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish va tizimli yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga hamkorlik va ushbu yo‘nalishni birgalikda rivojlantirish imkoniyati uchun minnatdorlik bildiramiz».
Kerakli tashkilotni topish uchun Yandex Maps’da, masalan, kafe, shifoxona yoki savdo markazi kabi kategoriyani tanlash va «Nogironlar aravachasida kirish imkoniyati» filtrini yoqish kerak. Tashkilot kartochkasida qulay infratuzilmaning shu joyda tasdiqlangan belgilari haqida batafsil ma’lumot ko‘rsatiladi. Masalan, pandus, avtomatik eshik, maxsus avtoturargoh yoki nogironligi bo‘lgan insonlar uchun moslashtirilgan hojatxona mavjudligi haqida ma’lumot olish mumkin.
Yandex Maps foydalanuvchilarining o‘zi ham obyektlarning qulayligi haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirishi mumkin. Buning uchun tashkilot kartochkasini ochish, «Xatolikni tuzatish» tugmasini bosish va «Qulaylik» bo‘limini tanlash, so‘ng obyektda mavjud qulay infratuzilma elementlarini belgilash kerak. Buni Yandex Maps’ning mobil ilovasi va veb-versiyasida amalga oshirish mumkin. Tashkilot egalari ham shaxsiy kabinet orqali bunday ma’lumotlarni qo‘shishi va yangilashi mumkin.