Saida Mirziyoyeva Tramp bilan uchrashdi, pedofillar umrbod qamalishi mumkin — 2-oktabr yangiliklari

Saida Mirziyoyeva Tramp bilan uchrashdi, 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar bilan jinsiy aloqa qilgan shaxslar umrbod qamalishi mumkin — 2-oktabr yangiliklarini Kursiv Uzbekistan dayjestida o‘qing.
Senat umrbod qamoq jazosini ma’qulladi

Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutadi. Qonun endilikda prezident imzosiga yuboriladi.
Senat majlisida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) bo‘yicha 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta va 2025-yilda 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bo‘yicha esa shu davrda 144 ta, 163 ta, 170 ta va 116 ta jinoyat ishi qayd etilgan.
Saida Mirziyoyeva Donald Tramp bilan uchrashdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. U uchrashuv davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy va ezgu tilaklarini yetkazganini ma’lum qildi.
«AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy va ezgu tilaklarini yetkazish men uchun katta sharafdir», — dedi Mirziyoyeva.
O‘zbekiston FIFA reytingida 58-o‘ringa ko‘tarildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA onlayn reytingida yana bir pog‘ona yuqorilab, 58-o‘rinni egalladi. Bunga Suriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidagi 4:1 hisobidagi g‘alaba sabab bo‘ldi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida Suriyani 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Suriyaga qarshi g‘alaba O‘zbekiston hisobiga 3,75 reyting ochkosi qo‘shdi. Natijada milliy terma jamoaning umumiy ochkolari 1 420,31 ga yetdi.
«Onam meni bolalar uyiga olib borib, o‘sha yerda qoldirgan» — Maryam Tillayeva onasi bilan munosabati haqida

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillayeva jurnalist Nadejda Strelesga bergan intervyusida onasi Lola Karimova bilan murakkab munosabatlari haqida gapirdi. Uning aytishicha, bolaligida onasi uni bolalar uyiga olib borib, o‘sha yerda qoldirgan holatlar bo‘lgan.
Tillayevaning so‘zlariga ko‘ra, bu voqealar uning onasi bilan munosabatlariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri avtobusda: bu yerda piar yo‘q

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovning avtobus o‘rindig‘ida o‘tirgan surati tarqaldi. Surat izohida vazir ishdan uyiga avtobusda qaytayotgani aytilgan. Biroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu haqda ma’lumot e’lon qilinmagan.
Tezkor ogohlantirish: ob-havo keskin o‘zgaradi

O‘zbekistonga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. 3-oktabr kuni sovuq havo mamlakatning shimoliy hududlariga, 4 – 5-oktabrda esa respublikaning qolgan hududlariga yetib keladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda respublika bo‘yicha ob-havoning keskin o‘zgarishi kuzatiladi.
Portugaliyada Ronaldu o‘rniga yangi «7» paydo bo‘ldi

Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini tark etganidan keyin uning mashhur 7-raqami Rafael Leaoga berildi. «Galatasaroy» futbolchisi bu raqamda Daniyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Bu haqda RTP xabar berdi.
UEFAning Daniya – Portugaliya uchrashuvi uchun e’lon qilingan rasmiy tarkibida Rafael Leao 7-raqam bilan qayd etilgan. Avval u terma jamoada 17-raqamda o‘ynab kelgan.
Javohir Sindarov qachon uylanadi — tafsilotlar

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov shaxmat bo‘yicha Jahon olimpiadasidagi g‘alabadan so‘ng kelajakdagi rejalari haqida gapirdi. U to‘y haqidagi savolga hazil aralash javob berib, avval jahon tojini qo‘lga kiritishni maqsad qilganini aytdi.
«To‘y oldidan jahon tojini olish kerak», — dedi Sindarov.
Grossmeyster taqdirlash marosimidan keyingi taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
O‘zbekistonning tashqi qarzi 84 mlrd dollardan oshdi

O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 2026-yilning birinchi yarmida 1,9 mlrd dollarga oshib, 84,1 mlrd dollarga yetdi. Bir yil ichida tashqi qarz qariyb 12 mlrd dollarga yoki 16,5 foizga ko‘paygan. Bu haqda Markaziy bankning to‘lov balansi va tashqi qarz bo‘yicha hisobotida ma’lum qilindi.
Jami tashqi qarzning 41,7 mlrd dollari davlat sektori, 42,4 mlrd dollari esa korporativ sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘m: eng yuqori maosh qayerda

2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘mni tashkil etdi. Nominal ish haqi bir yil ichida 18,4 foizga, inflyatsiya hisobga olingan real ish haqi esa 10,9 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil II chorak uchun mehnat bozori sharhida ma’lum qilindi.