
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining uchinchi o‘rin uchun bahsida Xitoy terma jamoasiga penaltilar seriyasida yutqazib, bronza medalidan quruq qoldi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

Jangovar durang
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Ravshan Haydarov shogirdlari Xitoy termasi bilan bahslashdi. Uchrashuvning 15-daqiqasida Xitoy vakili Xu Xetao hisobni ochdi. O‘zbekistonlik Sardor Bahromov 43-daqiqada muvozanatni tikladi. 53-daqiqada Van Yuy Vey Xitoyni yana oldinga olib chiqqan bo‘lsa, asosiy vaqtning so‘nggi daqiqasida O‘zbekiston vakillari hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Penaltilar seriyasidagi mag‘lubiyat
Uchrashuvning asosiy vaqti jangovar durang bilan yakunlandi. Turnir reglamentiga ko‘ra, qo‘shimcha bo‘limlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Bu safar omad xitoylik futbolchilarga kulib boqdi va O‘zbekiston terma jamoasi mag‘lubiyatga uchradi.
Eslatib o‘tamiz, turnir yarim finalida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi musobaqa mezbonlari – Yaponiyaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy bergan edi.