O‘gay onaning kaltaklashi oqibatida 3 yoshli qizaloq vafot etdi

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida o‘gay ona bilan yuzaga kelgan nizo oqibatida 2022-yilda tug‘ilgan qizaloq og‘ir tan jarohatlari olib vafot etdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar bermoqda.
Oilaviy mojaro mudhish fojiaga aylandi
Joriy yilning 26-sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida istiqomat qiluvchi ayol (1994-yilda tug‘ilgan) va uning turmush o‘rtog‘i (1988-yilda tug‘ilgan) o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Natijada ayol turmush o‘rtog‘ining qizini (2022-yilda tug‘ilgan) urib, uning bosh qismiga jiddiy shikast yetkazgan. Oqibatda qizaloqning sog‘lig‘i keskin yomonlashib, o‘sha kunning o‘zida vafot etgan.
Jinoyat ishi va qamoqqa olish
Mazkur holat yuzasidan 27-sentabr kuni tuman Ichki ishlar bo‘limi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 126-moddasi (oilaviy zo‘ravonlik), 8-qismi, «g» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumon qilinuvchi ayol Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan ushlanib, qamoqqa olingan. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar
2-oktabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid Qonunga asosan, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Avvalroq Kursiv nashri Ohangarondagi bog‘chada bola hasharotlarga qarshi vositadan zaharlanib vafot etgani haqida xabar bergan edi.