Prezident administratsiyasi va Ta’lim vazirligida tayinlovlar amalga oshirildi

Prezident farmoni va qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida bir qator yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Yangi O‘zbekiston» universitetiga yangi rektor
Obid Arzikulovich Xakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, u o‘rindoshlik asosida «Yangi O‘zbekiston» universiteti rektori vazifasini ham bajaradi. Shu munosabat bilan O. Xakimov Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.
Iqtisodiy siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi

Kamoliddin Karamiddinovich Mardonov Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bunga qadar u Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Ta’lim vazirligida yangi o‘rinbosar
Ilxom Toxirovich Siradjev O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bugunga qadar Prezident Administratsiyasi Rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Maktab va Oliy ta’lim vazirliklari birlashtirilib, Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani haqida xabar bergan edi.