
Qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Asaubayevaning onasi Liana Tanjariqova Samarqandda o‘tgan 2026-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi yakunlari haqida fikr bildirdi. U O‘zbekiston erkaklar terma jamoasini oltin medal bilan tabrikladi.
Tanjariqovaning aytishicha, u Olimpiada davomida Qozog‘iston ayollar terma jamoasi va O‘zbekiston erkaklar terma jamoasiga muxlislik qilgan.
«Samarqandda kimga muxlislik qilishimni aytgandim. Qozog‘iston ayollar terma jamoasi va O‘zbekiston erkaklar terma jamoasiga. Natijada O‘zbekiston erkaklar jamoasi oltin, Qozog‘iston ayollar jamoasi esa kumush medal oldi», – dedi u.
U Qozog‘iston ayollar terma jamoasini kumush medal bilan, O‘zbekiston jamoasini esa Olimpiadadagi g‘alaba bilan tabrikladi.
«Butun O‘zbekistonni va O‘zbekiston erkaklar terma jamoasini chin dildan tabriklayman. Sizlar zo‘rsizlar», – dedi Tanjariqova.
Avvalgi fikrlari muhokamalarga sabab bo‘lgandi
Shuningdek, o‘qing: Bibisara Asaubayeva Javohir Sindarov bilan munosabatlari qachon boshlanganini aytdi
Avvalroq Tanjariqova erkaklar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi va Javohir Sindarovga muxlislik qilayotganini aytgan edi.
U buni Qozog‘iston janubidagi o‘zbek mahallasida ulg‘aygani bilan izohlab, O‘zbekiston jamoasini «yosh, ambitsiyalik va juda iste’dodli» deb atagan.
Bu fikrlar Qozog‘istonda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Qozog‘iston erkaklar terma jamoasi yetakchilaridan biri Denis Maxnevning turmush o‘rtog‘i Dayana ijtimoiy tarmoqlarda bunga munosabat bildirib, ular barcha yo‘nalishlarda Qozog‘istonga muxlislik qilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olimpiadada kumush medal olgan Qozog‘iston shaxmatchilari mukofotsiz qolgani haqida xabar berilgandi.