Rossiyadagi yuqumli kasallik ortidan O‘zbekistonda nazorat kuchaytirildi

eʼlon qilindi
197 kishi kuzatuvga olingan
Rossiyadagi yuqumli kasallik ortidan O‘zbekistonda nazorat kuchaytirildi
Foto: RBK

Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘ta xavfli yuqumli kasallikka gumon qilingan holat qayd etilgani ortidan O‘zbekistonda tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirildi. Sanepid qo‘mitasi vaziyat Rossiya vakolatli idoralari va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti manbalari orqali kuzatib borilayotganini ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda kasallik tashxisi laboratoriyada tasdiqlangan yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai, bemorning harakatlanish yo‘nalishi hamda u bilan aloqada bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar o‘rganilmoqda.

«Ayni vaqtda O‘zbekiston hududiga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilgan», – deyiladi Sanepid qo‘mitasi xabarida.

Qo‘mita fuqarolardan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik va ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalardan kuzatib borishni so‘radi.

Irkutskda nima bo‘lgan

Ma’lumotga ko‘ra, Irkutsk viloyatidagi Shelexov tuman shifoxonasida 28 yoshli ayol vafot etgan. Buryatiya rahbari Aleksey Sidenov uning o‘limiga o‘lat sabab bo‘lganini bildirgan.

Shu bilan birga, Irkutsk viloyatining rasmiy xabarlarida kasallik turi aniq ko‘rsatilmay, «o‘ta xavfli infeksiya» degan ifoda qo‘llanilgan.

1-oktabrdan shifoxonaning ayrim bo‘limlarida bemorlarni qabul qilish va chiqarish vaqtincha to‘xtatilgan, statsionar karantinga o‘tkazilgan.

197 kishi kuzatuvga olingan

Rossiya nashrlari xabariga ko‘ra, vafot etgan ayol bilan muloqotda bo‘lgan 197 kishi aniqlangan. Ulardan 189 nafari shifoxonalarga joylashtirilgan.

Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzevning ma’lum qilishicha, kuzatuvdagi shaxslarda hozircha kasallik belgilari aniqlanmagan, o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruvlari esa salbiy natija bergan.

Hududga Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova ham kelgan va epidemiyaga qarshi choralar bo‘yicha maxsus yig‘ilish o‘tkazilgan.

Yuqish manbai hozircha aniq emas

Ayrim OAV marhuma o‘latga qarshi muassasada laborant bo‘lib ishlagani va 25-sentabr kuni o‘pka o‘lati qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan probirkani sindirib yuborgan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Biroq bu versiya hozircha tasdiqlanmagan.

Avvalroq ayol Buryatiyaga xizmat safari vaqtida yuqtirgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan edi. Buryatiya rahbari bu ma’lumotni rad etdi.

«Yuqtirish manbai Buryatiya bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlardir», – dedi Sidenov.

Sanepid qo‘mitasi O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat o‘zgarsa, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi (Sanepid) raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga izoh bergandi.

Uning ta’kidlashicha, COVID-19’ning yangi to‘lqini butun dunyoni qamrab olayotgani haqidagi xabarlar asossiz. SARS-CoV-2 ning NB.1.81 shtammi keng ko‘lamda yoyilayotganiga doir ma’lumotlarni JSST rasman tasdiqlagan emas. Yer yuzida yangi to‘lqinning kuzatilish ehtimoli qariyb nolga teng.

Shuningdek