25 km/soatdan oshmaydigan e-velosipedga ham guvohnoma talab qilinadimi

eʼlon qilindi
Bakirov talablarning huquqiy asosiga e’tibor qaratdi
25 km/soatdan oshmaydigan e-velosipedga ham A1 talab qilinyaptimi
Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

Elektr velosipedi musodara qilinganini aytgan kuryer transport vositasini 25 km/soatdan tez haydamasa va veloyo‘lakdan foydalansa ham A1 toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotganidan norozilik bildirdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa amaldagi talablar kichik hajmdagi mototransport vositalari qatoriga ayrim e-velosipedlarni ham kiritib qo‘yganini ta’kidladi.

Kuryer ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e-velosipeddan foydalanish bo‘yicha yangi talablarni tushunmayotganini yozdi.

«E-velosipedimning tezligini 25 km/soatdan oshirmasam, katta yo‘lga chiqmay, veloyo‘lakda yursam ham A1 toifadagi guvohnomani olishim shart ekan», – deb yozdi u.

Uning aytishicha, bunday talablar, ayniqsa, yetkazib berish xizmatida ishlaydigan kuryerlar uchun qo‘shimcha muammo tug‘dirmoqda.

«Juda-juda g‘alati ishlar bo‘lyapti, ‘faqat pul qilishni rejalashtiryapti’, degan gumon tinchlik bermayapti», – dedi kuryer.

Bakirov talablarning huquqiy asosiga e’tibor qaratdi

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham mazkur holatga munosabat bildirdi. Uning yozishicha, o‘tgan yil oktabrda hukumat qarori bilan haydovchilik guvohnomasi talab qilinadigan transport vositalari ro‘yxatiga kichik hajmdagi mototransport vositalari ham kiritilgan.

Bakirov keltirgan ta’rifga ko‘ra, bunga tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ichki yonuv dvigateli hajmi 25 kub santimetrgacha yoki elektr dvigatelining nominal quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan vositalar ham kiradi.

Uning ta’kidlashicha, keyinchalik ushbu talablar Yo‘l harakati qoidalariga ham kiritilgan.

«E-velosiped skuter emas, lekin ‘prava’ kerak bo‘ladigan ro‘yxatga qo‘shib olishgan», – deb yozdi Bakirov.

Kuryer ushbu masalaga yirik yetkazib berish kompaniyalari va jamoatchilik vakillari ham e’tibor qaratishini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi YTHda kuryer vafot etgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, hodisa soat 18:00 da THAY – Chorbog‘ ko‘chalari kesishgan chorrahada sodir bo‘lgan. 1969-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Howo rusumli yuk avtomobili bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan 2004-yilda tug‘ilgan kuryer boshqaruvidagi velosiped bilan to‘qnashgan.

Shuningdek