O‘zbekistondan 40 kishi Italiyaga mavsumiy ishga yuborildi

eʼlon qilindi
Pilot loyiha doirasida fuqarolar meva-sabzavotlarni qayta ishlash sohasida ishlaydi, yil oxirigacha esa 20 nafarga yaqin hamshirani Milanga tayyorlash rejalashtirilgan
O‘zbekistondan 40 kishi Italiyaga mavsumiy ishga yuborildi
Foto: Pexels

O‘zbekistondan ilk bor 40 nafar qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassisi Italiyaga mavsumiy ishga yuborildi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Loyiha pilot tartibda amalga oshirilmoqda. Ishtirokchilar ikki oy davomida italyan tilini o‘rgangan va ishga chiqishdan oldin zarur tayyorgarlikdan o‘tgan.

Fuqarolar 1-oktabrdan ish boshladi

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbekistonliklar 1-oktabrdan Italiyaning SALVI tashkilotida meva-sabzavotlarni qayta ishlash yo‘nalishida faoliyat boshlagan.

Agentlik mavsumiy ishning asosiy afzalligi sifatida fuqarolarning uzoq yillarga oilasidan ajralib qolmasligini qayd etdi. Ular belgilangan muddat davomida qonuniy ishlaydi, daromad va xalqaro tajriba orttiradi, keyin esa O‘zbekistonga qaytadi.

Italiyaga yuboriladiganlar soni oshiriladi

Pilot loyiha natijalariga qarab, Italiyaga tashkiliy tartibda ishga yuboriladigan fuqarolar sonini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, yangi mehnat yo‘nalishlarini ochish ham ko‘zda tutilgan.

2026-yil mart oyida Migratsiya agentligi va Italiyaning Associazione Imprese Ortofrutticole tashkiloti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan edi. Kelishuvga ko‘ra, o‘zbekistonliklarni Italiyada 3 oydan 9 oygacha bo‘lgan mavsumiy ishlarga jalb etish nazarda tutilgan.

20 nafarga yaqin hamshira Milanda ishlashi mumkin

Migratsiya agentligi tibbiyot yo‘nalishida ham hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Yil oxirigacha 20 nafarga yaqin oliy ma’lumotli hamshirani Milanda ishlashga tayyorlash ko‘zda tutilgan. Ayni paytda yana 30 nafar shifokor italyan tilini o‘rganmoqda.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Lombardiya, Piemont va Sardiniya hududlarida O‘zbekistondan tibbiyot xodimlarini jalb etishga qiziqish yuqori.

Avvalroq Migratsiya agentligi Yaponiyada ishlash uchun haydovchilarga bepul kurs taklif qilgan edi.

Shuningdek