Markaziy Osiyoni Pokiston portlari bilan bog‘laydigan temir yo‘l loyihasi rejalashtirilmoqda

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston yo‘nalishi bo‘yicha yangi temir yo‘l loyihasini ishlab chiqadi. Yangi yo‘nalish orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning dengiz portlariga chiqish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgani haqida Qozog‘iston Transport vazirligining axborot xizmati xabar berdi.
CASA loyihasi Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydi

Uch davlatning transport sohasiga mas’ul vazirliklari loyiha bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan. CASA deb nomlangan tashabbus Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi temir yo‘l aloqalarini kuchaytirish, xalqaro yuk tashish hajmini oshirish hamda savdo va logistika imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Loyihaning texnik va moliyaviy jihatlari o‘rganiladi
Memorandum doirasida yangi temir yo‘lning texnik va iqtisodiy imkoniyatlari, zarur infratuzilma, moliyalashtirish mexanizmlari va loyihani amalga oshirish shartlari o‘rganiladi. Tomonlar loyihani batafsil ishlab chiqish uchun alohida ishchi guruh tuzish imkoniyatini ham muhokama qilgan.
Loyihada Qozog‘iston va O‘zbekistonning mavjud temir yo‘l infratuzilmasi hamda tranzit salohiyatidan, BAAning esa transport, logistika va yirik investitsiya loyihalaridagi tajribasidan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yil 25-avgustdan Qozog‘istonda elektron kirish ruxsatnomasi tizimini joriy etish jarayoni boshlangani haqida yozgan edi.