Yangi Damas 3 qanday kamchiliklarga ega — sharh

5-oktabr 2026 12:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi Damas 3 qanday kamchiliklarga ega — sharh
Foto: Kursiv Uzbekistan

YouTube’dagi SNG Garage World kanali O‘zbekistonda yangi Damas 3 sifatida tanilgan Chevrolet Move A400 modelini Wuling avtomobillari bilan taqqosladi. Muallifning fikricha, O‘zbekistonda taklif qilinayotgan model kuzov va dizayn jihatidan Xitoydagi yangi versiyalardan ortda qolmoqda.

Yana eski kuzov taklif qilinyapti

Kanal muallifining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda sotilishi kutilayotgan model Wuling Hongguang S platformasiga yaqin bo‘lib, uning kuzov dizayni bir necha yil avval ishlab chiqilgan.

Ekran tasviri/ You Tube

Bloger Xitoyda esa Hongguang Plus kabi yangilangan va tashqi ko‘rinishi zamonaviyroq versiyalar sotilayotganiga e’tibor qaratgan.

«Bizga yana eski versiya taklif qilinyapti. Xitoyda esa tashqi ko‘rinishi ancha yangi bo‘lgan model bor», – deydi kanal muallifi.

Uning fikricha, Hongguang Plus old optika, bamper va umumiy kuzov dizayni bo‘yicha O‘zbekistonda taklif qilinayotgan variantdan zamonaviyroq ko‘rinadi.

Turbo dvigatelli versiya ham mavjud

SNG Garage World ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy bozoridagi ayrim Wuling versiyalarida 1,5 litrli turbomotor mavjud bo‘lib, uning quvvati 135 ot kuchiga yetadi.

Avtomobil mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Muallifning aytishicha, turbina hisobiga model oddiy versiyaga nisbatan chaqqonroq harakat qiladi.

Shu bilan birga, avtomobilning konstruksiyasi va qattiq osma tizimi katta o‘zgarishlarga uchramagan.

Ekran tasviri: You Tube

Salonida ekran va kruiz-kontrol bor

Bloger ko‘rsatgan versiyada multimedia ekrani, orqa kamera, kruiz-kontrol va ekoteridan tayyorlangan o‘rindiqlar mavjud. Shuningdek, barcha eshiklarda elektr oynalar va diskli tormozlar borligi qayd etilgan.

Modelning saloni ikki xil ko‘rinishda taklif qilinadi. Ulardan biri alohida «kapitan» o‘rindiqlari bilan jihozlangan.

Xitoyda 4,5 mln ga yaqin avtomobillar sotilgan

Kanal muallifining aytishicha, Wuling’ning ushbu oilasiga mansub avtomobillaridan Xitoyda qariyb 4,5 mln dona sotilgan.

U yerda modelning turli tyuning versiyalari ham mavjud. Ayrim variantlarda hashamatli o‘rindiqlar, dekorativ yoritish va qo‘shimcha salon jihozlari o‘rnatilgan.

Bloger yangi versiyani O‘zbekistonda ham ko‘rishni istaydi

Foto: Chevrolet

SNG Garage World muallifi O‘zbekistonda avtomobillarning yangi versiyalari bozorda kechikmasdan paydo bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

U Wuling Hongguang Plus singari zamonaviyroq modelni O‘zbekistonda ham sotuvga chiqarish mumkin, deb hisoblaydi. Blogerning fikricha, bunday avtomobil narxi $15 ming atrofida bo‘lsa, xaridorlar uchun qiziqarli taklifga aylanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri braziliyalik Cobalt’ini sotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek