30 dollarga sotib olingan rasm 1,35 mln dollarga sotildi

AQShning Michigan shtatidagi garaj savdosidan atigi 30 dollarga sotib olingan Gertruda Aberkrombi kartinasi Nyu-Yorkdagi auktsionda 1,3526 mln dollarga sotildi. 1951-yilda chizilgan «Alderman Merriam’s Shells» asari rassom ijodidagi auktsion rekordi bo‘ldi. Bu haqda auksion uyiga tayanib, UPI.com xabar berdi.
Rasm 75 yil davomida ko‘zdan yo‘qolgan
Chikagolik syurrealist rassom Gertruda Aberkrombi 1951-yilda yaratgan kichik kartinada dengiz chig‘anoqlari tasvirlangan. Asar 1952-yilda Kalamazu shahridagi shifokor Jon Reynoldsga tibbiy xizmat evaziga berilgan.
Shuningdek, o‘qing: Harry Potter and the Philosopher’s Stone kitobining birinchi nashrlaridan biri auksionda $23 mingga sotilgandi.
Keyinchalik rasm bir necha ko‘rgazmada namoyish etilgan, ammo qariyb 75 yil davomida omma ko‘zidan yo‘qolgan. U shu yil yozida Michigan shtatidagi ko‘chmas mulk savdosida qayta topilgan.
Rasmni sotib olgan kolleksioner uning orqa qismidagi «Abercrombie, ’51» imzosiga e’tibor bergan. Keyinchalik mutaxassislar asarning haqiqiyligini tasdiqlagan.
$150 – 250 minglik baho 5 barobardan ko‘proq oshib ketdi
Freeman’s auksion uyi «Alderman Merriam’s Shells» asarining dastlabki qiymatini $150 mingdan $250 minggacha deb baholagan.
1-oktabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan savdoda 5 xaridor va bir nechta onlayn ishtirokchi rasm uchun kurashgan. Yakunda u 1 mln 352 ming 600 dollarga sotilgan. Bu yuqori bahodan besh martadan ko‘proq katta summa.
Natijada asar Aberkrombining auktsiondagi eng qimmat ishiga aylandi. Shuningdek, rassomning $1 mln chegarasidan oshgan ilk asari bo‘ldi.
Chig‘anoq rassomning o‘ziga xos timsoliga aylangan
San’atshunoslarning qayd etishicha, asarda tasvirlangan chig‘anoqlar Chikagoning Hyde Park hududi aldermani Robert Merriamga tegishli bo‘lgan.
Kartina Aberkrombining chig‘anoq motividan foydalangan dastlabki asarlaridan biri bo‘lib, keyinchalik bu obraz rassom ijodining o‘ziga xos belgilaridan biriga aylangan. Asar 1952 – 1953-yillarda rassomning oltita shaxsiy ko‘rgazmasida namoyish etilgan.
Avvalroq Lionel Messi va Krishtianu Ronalduning futbolkalari bir auksionda sotilgani haqida xabar berilgandi.