Yaman husiylarga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshladi

eʼlon qilindi
100 mingdan ziyod yamanlik harbiylar ishtirok etishi mumkin
Foto: Al-Jazeera

Yaman hukumati mamlakatning husiylar nazoratidagi hududlarini qaytarib olish uchun keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Saudiya Arabistoni hukumat kuchlariga havodan yordam beradi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

100 mingdan ziyod harbiylar jalb qilinishi mumkin

Yaman prezidentlik boshqaruv kengashi raisi Rashad al-Alimiy 4-oktabr kuni hukumat kuchlari husiylar nazoratidagi hududlarni qaytarib olguncha hujumni davom ettirishini ma’lum qildi.

Reuters manbalariga ko‘ra, operatsiyada 100 mingdan ortiq yamanlik harbiylar ishtirok etishi mumkin. Saudiya Arabistoni havo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashi, Yaman hukumat kuchlari esa quruqlikdagi harakatlarni amalga oshirishi kutilmoqda.

Al-Alimiy operatsiyani boshlash qarori mojaroni yumshatish bo‘yicha boshqa imkoniyatlar tugaganidan so‘ng qabul qilinganini aytgan.

Husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozini nazoratiga olgan

Harbiy operatsiya husiylarning so‘nggi haftalardagi faolligi kuchayganidan keyin boshlandi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, husiylar sentabr oyida strategik ahamiyatga ega Bob al-Mandab bo‘g‘ozi va Qizil dengiz sohilining qariyb 150 kilometrlik qismini egallagan. Bu ularga xalqaro kemachilik uchun muhim bo‘lgan dengiz yo‘liga qo‘shimcha ta’sir imkonini bergan.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonining muqaddas Makka shahriga yo‘naltirilgan uchuvchisiz uchish apparati yordamidagi hujumga urinishni qat’iyan qoralagandi. 

5-oktabr kuni esa Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Yaman hukumat kuchlari Bob al-Mandab yaqinidagi Dhubab hududining katta qismini nazoratiga olganini ma’lum qildi. Reuters manbalariga ko‘ra, operatsiyaga Saudiya aviatsiyasi ham jalb qilingan.

Husiylar Saudiya Arabistoniga zarba berganini bildirdi

Yaman hukumatining operatsiyasi e’lon qilinganidan so‘ng husiylar Saudiya Arabistonidagi Saudi Aramco obyektlariga ballistik raketalar va dronlar orqali hujum qilganini ma’lum qildi.

Husiylar hujum Riyod va Xurays hududidagi obyektlarga qaratilganini bildirgan. Ularning ta’kidlashicha, zarbalar Yaman hududiga berilgan Saudiya havo va raketa hujumlariga javoban amalga oshirilgan. Saudiya tomoni hujum oqibatlarini darhol tasdiqlamagan.

Mojaro 2014-yildan beri davom etmoqda

Husiylar 2014-yildan beri Yaman poytaxti Sano va mamlakat shimoli-g‘arbining katta qismini nazorat qilib keladi.

2022-yilda tomonlar o‘rtasida sulhga erishilgan va bu mamlakatdagi jangovar harakatlar intensivligini sezilarli darajada kamaytirgan edi. Biroq so‘nggi haftalarda mojaro yana keskinlashdi.

Hozirgi janglar, ayniqsa, Taiz shahri atrofida kuchaygan. Husiylarning hududdagi harakati hukumat kuchlarining shaharga olib boruvchi muhim yo‘llaridan birini xavf ostida qoldirgan.

Avvalroq Saudiya Arabistonining bosh muftiysi Shayx Solih bin Favzon Al-Favzon mamlakat chegaralarida xizmat qilayotgan harbiylarni Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarga qarshi kurashda jonini fido qilishga tayyor turishga chaqirgandi.

Shuningdek