Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin

AQSh prezidentining global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli prezident Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishni istayotganini aytdi.
U bu haqda O‘zbekistonga tashrifi davomida «O‘zbekiston 24» telekanalining «Tahlilnoma» dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
U O‘zbekistonga kelishni istaydi — elchi
Zampollining so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidentining ish jadvali juda tig‘iz bo‘lsa-da, Tramp O‘zbekistonga borish istagini shaxsan bildirgan.
«Uning O‘zbekistonga kelishni istashini bilaman. Prezidentning ish jadvali nihoyatda tig‘iz. Ammo u menga O‘zbekistonga tashrif buyurish istagi borligini aytgan. Men ham bu masalani doimo ilgari suraman. Demak, bir kun kelib O‘zbekistonga, albatta, tashrif buyuradi. Umid qilamizki, bu tashrif imkon qadar tezroq amalga oshadi», – dedi Zampolli.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Oq uy va AQSh ma’muriyati vakillari tashrif buyurishi kerak bo‘lgan muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Bu hali hammasining boshlanishi
Zampolli O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanayotganini ham qayd etdi.
«Mamlakatlarimiz do‘stlashganidan juda faxrlanaman. Bu hali hammasining boshlanishi. Biz juda yaxshi poydevor yaratdik», – dedi u.
Maxsus vakil O‘zbekistonni sayohat qilish imkoniyatiga ega insonlar uchun dunyoda, albatta, borib ko‘rish kerak bo‘lgan o‘nta davlatdan biri sifatida tavsiya qilishini aytdi.
Shuningdek, uning fikricha, O‘zbekiston investitsiyalar uchun ham jozibador mamlakatga aylanmoqda.
Mirziyoyev Trampni bir necha bor taklif qilgan
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev avval ham Trampni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurishga bir necha bor taklif qilgan.
AQSH prezidenti ushbu takliflar uchun minnatdorlik bildirgan. 2026-yil fevralda Mirziyoyev Tramp taklifiga binoan Vashingtonda Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida qatnashgan.
Keyinchalik AQSH prezidenti O‘zbekiston rahbarini Tinchlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga hamda Mayamida o‘tkazilishi rejalashtirilgan G20 sammitiga taklif qilgan.
Marko Rubio ham O‘zbekistonga keladi
Shuningdek, oktabr oyi o‘rtalarida AQSH davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga tashrif buyurishi kutilmoqda.
U 100 dan ortiq Amerika kompaniyalaridan iborat biznes delegatsiyasiga boshchilik qilishi rejalashtirilgan.