Xorazmda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Xorazm viloyatida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Filialda ta’lim jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi.
Ta’lim uch tilda olib boriladi
Filialda o‘qitish o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida tashkil etiladi. Talabalar kunduzgi va muqobil ta’lim shakllarida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.
Dastlab barcha talabalar grant asosida o‘qiydi
2030/2031-o‘quv yiliga qadar o‘qishga qabul qilingan talabalar butun ta’lim davri davomida to‘liq davlat granti asosida o‘qitiladi.
2030/2031-o‘quv yilidan boshlab esa qabul parametrlarining 30%i davlat granti asosida shakllantiriladi.
Amaliyot dual ta’lim asosida tashkil etiladi
Filial talabalari o‘quv rejalariga muvofiq hududdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘taydi. Amaliy mashg‘ulotlarni dual ta’lim asosida yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri prezident «Yangi O‘zbekiston» universitetida imkoniyatlar bilan tanishgani haqida yozgan edi.