Samsung AI uchun $1 mlrd sarmoya kiritadi

Samsung Electronics va kompaniyaning yana beshta sho‘basi AI infratuzilmasi bilan shug‘ullanuvchi Helix Digital Infrastructure kompaniyasiga jami $1 mlrd sarmoya kiritadi. Bu haqda Samsung ma’lum qildi.
Samsung Electronics $500 mln beradi
Umumiy investitsiyaning $500 mln bevosita Samsung Electronics tomonidan kiritiladi. Qolgan mablag‘ni Samsung C&T, Samsung SDS, Samsung SDI, Samsung Life Insurance va Samsung Fire & Marine Insurance taqdim etadi.
Helix kompaniyasi KKR tomonidan tashkil qilingan bo‘lib, AI uchun ma’lumotlar markazlari, elektr energiyasi va optik tarmoqlar infratuzilmasini rivojlantiradi.
NVIDIA ham loyihada ishtirok etmoqda
Helix’ning global infratuzilmasini kengaytirish loyihasida KKR, Kuvayt investitsiya boshqarmasi, NVIDIA va Vistra ham ishtirok etmoqda.
Samsung yangi investitsiya kompaniyaning AI infratuzilmasidagi texnologik imkoniyatlarini kengaytirishini bildirgan.
Avvalroq Samsung keyingi avlod bukiluvchi flagmani Samsung Galaxy Z Fold 9 korpusini sezilarli darajada yupqalashtirishni rejalashtirayotgani aytilgani haqida xabar berilgandi.