Nodirbek Abdusattorov unashtirildi, Tramp O‘zbekistonga kelishi mumkin — 5-oktabrda e’lon qilingan yangiliklar

Nodirbek Abdusattorov unashtirildi, Tramp O‘zbekistonga kelishi mumkin — 5-oktabrda e’lon qilingan yangiliklar «Kursiv» dayjestida.
Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

2026-yilgi Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olim Karl Deisserot hamda germaniyalik olimlar Peter Hegemann va Georg Nagelga berildi. Ular asab hujayralari faoliyatini yorug‘lik yordamida boshqarish imkonini bergan kashfiyotlari va optogenetika usulini rivojlantirgani uchun taqdirlandi. Bu haqda Nobel mukofotining rasmiy sayti xabar berdi.
Xorazmda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Xorazm viloyatida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filiali tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Filialda ta’lim jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi.
Filialda o‘qitish o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida tashkil etiladi. Talabalar kunduzgi va muqobil ta’lim shakllarida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.
Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin

AQSH prezidentining global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli prezident Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishni istayotganini aytdi.
U bu haqda O‘zbekistonga tashrifi davomida «O‘zbekiston 24» telekanalining «Tahlilnoma» dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Nodirbek Abdusattorov kimga unashtirildi — tafsilotlar

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov unashtirildi. Bu haqda «Uzchess» loyihasi xabar bermoqda. Uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Sevinch Mavlonova ekani ma’lum bo‘ldi.
ChessBase India ma’lumotiga ko‘ra, unashtiruv 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Bu Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritganidan bir hafta o‘tib yuz berdi.
«Manchester Siti» quyi ligaga tushirilishi kerak — Jessi Marsh

Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi va «Lids»ning sobiq ustozi Jessi Marsh «Manchester Siti» klubiga moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha keskin jazo berilishi kerakligini bildirdi. Bu haqda u The Guardian nashriga bergan intervyusida gapirdi.
Marshning fikricha, klubga nisbatan jiddiy sanksiyalar qo‘llanishi, hatto uni quyi ligaga tushirish ham kerak.
Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida 5-o‘rinni egallagan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolarini tabrikladi. Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egallagan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
66,5 ming so‘m o‘rniga 395 ming so‘m: ayrim dorilar 6 baravar qimmat sotilgani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan «sirli mijoz» tadbirlarida ayrim dorixonalarda dori vositalari belgilangan narxdan 3 – 6 baravargacha qimmat sotilgani aniqlandi. Holatlar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, litsenziya talablari bo‘yicha vakolatli organga so‘rov yuborildi.
Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi nazorat kuchayadi — nimani kutish kerak

Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatiga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi tartib davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondi yoki ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlariga taalluqli.
Yangi Damas 3 qanday kamchiliklarga ega — sharh
YouTube’dagi SNG Garage World kanali O‘zbekistonda yangi Damas 3 sifatida tanilgan Chevrolet Move A400 modelini Wuling avtomobillari bilan taqqosladi. Muallifning fikricha, O‘zbekistonda taklif qilinayotgan model kuzov va dizayn jihatidan Xitoydagi yangi versiyalardan ortda qolmoqda.
Kanal muallifining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda sotilishi kutilayotgan model Wuling Hongguang S platformasiga yaqin bo‘lib, uning kuzov dizayni bir necha yil avval ishlab chiqilgan.