O‘zbekistonda suyultirilgan gazni yetkazib berish tartibi o‘zgaradi

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatining «Suyultirilgan gaz ta’minoti» departamenti boshlig‘i Akmal Jo‘rayev OAV uchun Kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
2026-yil 1-noyabrdan suyultirilgan gazni birjaning alohida savdo maydonchasi orqali xarid qilish va yetkazib berish tartibi ishga tushiriladi.
3,7 mln dan ortiq xonadon suyultirilgan gaz olmoqda
Joriy yilning yanvar – sentabr oylarida aholiga 398 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Hozirda 3,73 mln dan ortiq xonadonlar va qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda.
2026/2027-yil kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.
Murojaatlar 40,6 foizga kamaygan
Joriy yilning avgust – sentabr oylarida suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 3 974 ta murojaat qayd etilgan. «Hududgazta’minot» ma’lumotiga ko‘ra, ularning 98% i ijobiy hal qilingan. Shuningdek, murojaatlar soni avvalgi davrga nisbatan 40,6% ga kamaygan.
Avvalroq «Kursiv» Qoraqalpog‘istonda 2,3 mlrd so‘mlik gaz ballonlari talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.