O‘zbekistonliklarning 66 foizi daromadi oshishini kutmoqda

Markaziy bank so‘roviga ko‘ra, 2026-yil II choragida respondentlarning 66 foizi kelgusi davrda daromadlari oshishini kutmoqda. Daromadlar bo‘yicha kutilmalar subindeksi 71,3 punktni tashkil etdi.
2026-yil iyul oyida o‘tkazilgan iste’mol kayfiyati so‘rovida qariyb 4,1 ming kishi qatnashgan. Umuman olganda, aholining moliyaviy holati va daromadlari bo‘yicha ijobiy kayfiyat saqlanib qolgan.
Yuqori daromadlilar orasida kutilmalar yuqoriroq
Barcha daromad guruhlarida kelgusida daromadi oshishini kutayotganlar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Ularning ulushi 61 – 81% oralig‘ida bo‘lgan.

Eng yuqori ko‘rsatkich oyiga 20 mln so‘mdan ortiq daromad oladiganlar orasida qayd etildi. Ushbu guruhdagi respondentlarning 81 foizi daromadi oshishini kutmoqda. Birinchi chorakda bu ko‘rsatkich 77 foiz edi.
9% respondent daromadi kamayishini kutmoqda
So‘rov qatnashchilarining 25 foizi daromadlari o‘zgarmasligini, 9 foizi esa kamayishini kutmoqda.
Daromad pasayishini kutayotganlarning ulushi oyiga 3 mln so‘mgacha daromad oladiganlar orasida nisbatan yuqori bo‘lgan.
Shuningdek, respondentlarning 58,6 foizi o‘z moliyaviy holati yaxshilanganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘m bo‘lgani va eng yuqori maosh qayerdaligi haqida ma’lumot berilgandi.