Bank xodimi 100 ming dollar olayotganda ushlandi

Toshkent viloyatida banklardan birining mintaqaviy markazida Mahallabay va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i $100 ming olayotgan vaqtida ushlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Tezkor tadbir DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
$4,25 mln talab qilgani aytilmoqda
Tergov ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn auksion orqali 16,05 gektar yer maydonidan chorvachilik maqsadida foydalanish uchun ijara huquqi bank xodimining otasiga sotilgan.
Mazkur yer Quyi Chirchiq tumani hokimligi balansida bo‘lgan.
Bank xodimi ushbu 16,05 gektar yerni sotish, shuningdek, hokimlik zaxirasidagi yana 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan jami $4,25 mln talab qilganlikda gumonlanmoqda.
$100 ming bilan ushlangan
DXX ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi talab qilingan mablag‘ning $100 mingini oldindan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada elektr o‘g‘irlari aniqlangani haqida yozgan edi.