Jizzaxda erkak 2 oy davomida 10 yashar bolani zo‘rlab, o‘zini osdi

Jizzax shahrida 2016-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani yuzasidan tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi holat jabrlanuvchining yaqin qarindoshi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum qilingan.
Hozirda holatning barcha tafsilotlari, jumladan, zo‘ravonlik qachon va qanday sodir etilgani hamda boshqa holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumon qilinuvchi A.R. protsessual harakatlardan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. Holat yuzasidan tayinlangan ekspertiza natijalari kutilmoqda.
Bolaga psixologik yordam ko‘rsatilmoqda
Agentlikning bildirishicha, 5-oktabr kuni voyaga yetmagan bolaga Jizzax shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan keys ochilgan. Bola birlamchi baholashdan o‘tkazilib, unga psixologik xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan.
Hozirda bola xavfsiz joyda bo‘lib, uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash hamda ruhiy holatini barqarorlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Ekspertiza xulosasi olingach, uning natijalaridan kelib chiqib, qo‘shimcha choralar belgilanadi.
Avvalroq Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonunni ma’qullagandi. Hujjat 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutadi.