Samarqanddagi Olimpiadadan qaytgan shaxmatchilar Afg‘onistonda ushlandi

6-oktabr 2026 14:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samarqanddagi Olimpiadadan qaytgan shaxmatchilar ushlandi
Rasm: SI

Samarqanddagi 46-Jahon shaxmat Olimpiadasida qatnashgan Afg‘oniston delegatsiyasining uch nafar vakili mamlakatga qaytgach ushlangan. Hozir ular Kobulda uy qamog‘ida saqlanmoqda. Bu haqda El País xabar berdi.

Gap Xaybar Faraziy, Habibulloh Amini va Habibulloh Guldo‘st haqida ketmoqda. Guldo‘st Olimpiadada Afg‘oniston ayollar terma jamoasi sardori sifatida qatnashgan.

Pasportlari olib qo‘yilgan

El País ma’lumotiga ko‘ra, uch shaxmatchi Afg‘onistonga qaytayotganida chegarada ushlangan.

«Pasportlarimizni olib qo‘yishdi va uchalamizni alohida xonalarga joylashtirishdi», — degan ular nashrga.

Keyinchalik ular Kobulga olib ketilib, uy qamog‘iga joylashtirilgan. To‘rtinchi shaxmatchi Mirzaad Sayed Vahobiddin esa boshqa chegara punkti orqali mamlakatga muammosiz kirgan.

Afg‘onistonda shaxmat taqiqlangan

Tolibon hukumati Afg‘onistonda shaxmat o‘ynashni diniy sabablarga ko‘ra taqiqlagan. Mamlakatdagi shaxmat klublari yopilgan, o‘yin bilan shug‘ullanganlarga jarima va boshqa jazo choralari qo‘llanishi mumkin.

Ushlangan shaxmatchilarga qanday jazo berilishi hozircha noma’lum. El País ularning jismoniy jazo xavfiga ham duch kelishi mumkinligini yozgan.

FIDE yordam berishga kirishdi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi FIDE vaziyat bo‘yicha diplomatik yordam choralarini ko‘rayotganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Yevroparlamentdagi Sotsialistlar va demokratlar guruhi masalani parlament darajasida muhokama qilishga chaqirmoqda.

Afg‘oniston 128-o‘rinni egallagan

46-Jahon shaxmat Olimpiadasi 15–27-sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Afg‘oniston erkaklar terma jamoasi 11 tur yakuniga ko‘ra 10 ochko jamg‘arib, 206 jamoa orasida 128-o‘rinni egallagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri fg‘on shaxmatchilari Samarqanddan keyin vatanga qaytishdan xavotirda ekanini yozgan edi.

Shuningdek