Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Frankis Halzenga berildi

eʼlon qilindi
U mukofotga IceCube Neutrino Observatoryni yaratishga qo‘shgan hal qiluvchi hissasi sazovor bo‘lgan
Foto: Nobel-prize

2026-yilgi Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti belgiyalik-amerikalik fizik Frankis Halzenga berildi. U mukofotga IceCube Neutrino Observatory’ni yaratishga qo‘shgan hal qiluvchi hissasi va astrofizik kelib chiqishga ega yuqori energiyali neytrinolarning kashf etilishi uchun sazovor bo‘ldi. Bu haqda Nobel mukofotining rasmiy sahifasi ma’lum qildi. 

Halzen neytrino observatoriyasini yaratishga rahbarlik qilgan

Halzen 1944-yilda Belgiyada tug‘ilgan. U 1972-yildan beri AQShdagi Viskonsin–Medison universitetida faoliyat yuritadi va hozirda universitetning Gregory Breit professori hamda IceCube loyihasining asosiy tadqiqotchisi hisoblanadi.

Halzen 1980-yillarning oxiridan boshlab Janubiy qutbda neytrino teleskopini yaratish g‘oyasi ustida ishlagan. 1988-yilda u yuqori energiyali neytrinolarni qutb muzliklarining chuqur qatlamlarida aniqlash konsepsiyasini ilgari surgan.

Antarktida muzidagi ulkan «teleskop»

IceCube oddiy teleskoplardan farq qiladi. U Antarktidadagi qariyb 1 kub kilometr hajmdagi muz ichiga joylashtirilgan 5 160 ta optik moduldan tashkil topgan.

Sensorlar 1 450 metrdan 2 450 metrgacha chuqurlikdagi muzga joylashtirilgan. Neytrino muzdagi atom yadrosi bilan to‘qnashganda hosil bo‘ladigan zarralar yorug‘lik chaqnashini yuzaga keltiradi. Sensorlar aynan shu yorug‘likni qayd etib, neytrinoning energiyasi va kelgan yo‘nalishini aniqlashga yordam beradi. IceCube qurilishi 2010-yil oxirida yakunlangan, 2011-yilda esa observatoriya to‘liq quvvatda ishlay boshlagan.

«Koinotdagi eng kuchli tezlatkichlar»ni o‘rganish imkonini berdi

Neytrinolar elektr zaryadiga ega emas va modda bilan juda kam ta’sirlashadi. Shu sababli ular koinotdagi uzoq manbalardan Yerga deyarli yo‘nalishini o‘zgartirmagan holda yetib kelishi mumkin.

Bu xususiyat olimlarga o‘ta kuchli kosmik jarayonlar — masalan, galaktikalar markazidagi supermassiv qora tuynuklar atrofidagi jarayonlar — haqida boshqa usullar orqali olinishi qiyin bo‘lgan ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

IceCube 2013-yilda koinotdan kelayotgan yuqori energiyali neytrino oqimini aniqlash bo‘yicha muhim natijani e’lon qilgan. Keyinchalik observatoriya bunday neytrinolarning manbalarini aniqlashga ham imkon berdi.

Halzenning g‘oyasi yangi astronomiya yo‘nalishini ochdi

Nobel mukofoti Halzenning nafaqat bitta tajribadagi ishtirokini, balki neytrino astronomiyasini yangi bosqichga olib chiqqan IceCube loyihasidagi uzoq yillik ilmiy rahbarligini e’tirof etadi.

IceCube orqali olimlar yorug‘lik yoki elektromagnit nurlanish emas, balki neytrinolar yordamida koinotni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa yuqori energiyali koinotni o‘rganish uchun yangi «oyna» ochdi.

Halzenning o‘zi hozir ham IceCube loyihasida faoliyat yuritmoqda. Observatoriya yanada sezgir detektorlar bilan kengaytirilmoqda va olimlar kelgusida yangi kosmik manbalarni aniqlashni kutmoqda.

Avvalroq 2026-yilgi Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olim Karl Deisserot hamda germaniyalik olimlar Peter Hegemann va Georg Nagelga berilgandi. 

Shuningdek