Koreyadagi yirik banklar kiberhujumga uchradi — xakerlar AI ishlatgan bo‘lishi mumkin

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon 6-oktabr kuni hukumat yig‘ilishida banklarga qilingan so‘nggi kiberhujumlar yuzasidan bayonot berdi. U ayrim hujumlarda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Yonhap News Agency xabar berdi.
Prezident bu holat jamoatchilik orasida jiddiy xavotir uyg‘otganini aytib, hujumlar tafsilotlarini tezda aniqlash va zararni kamaytirish uchun zarur kuch va resurslarni safarbar etishni topshirdi.
Koreyadagi bir nechta yirik bank kiberhujumga uchradi
Janubiy Koreya politsiyasi tijorat banklariga qarshi kiberhujumlar bo‘yicha keng ko‘lamli tergov boshlagan. Hodisalar Shinhan Bank, KB Kookmin Bank, Hana Bank va Woori Bank kabi yirik moliya tashkilotlariga ta’sir qilgan.
Hana Bankdagi holatda 89 nafar mijozning ismi, shaxsiy identifikatsiya raqami va telefon raqamlari sizib chiqqan. Bank ma’lumotiga ko‘ra, moliyaviy ma’lumotlar zarar ko‘rmagan.
Hozircha hujumlarda aynan qaysi AI vositalari ishlatilgani va ma’lumotlar sizib chiqishining to‘liq ko‘lami oshkor etilmagan.
Banklarga xavfsizlikni kuchaytirish topshirildi
Janubiy Koreya Moliyaviy xizmatlar komissiyasi banklar va boshqa moliya tashkilotlari bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, axborot tizimlarini tekshirish va himoyani kuchaytirishni so‘radi.
Moliyaviy nazorat xizmati esa kiberhujumlar bilan bog‘liq 28 ta noyob IP-manzil haqidagi ma’lumotlarni banklarga taqdim etgan.
Avvalroq «Kursiv» AQSh Federal tergov byurosi direktori Kash Patelning shaxsiy elektron pochtasi xakerlar tomonidan hujumga uchragani haqida yozgan edi.