297 mln so‘mlik qalbaki pullar savdosi fosh etildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Asaka tumanida soxta banknotlarni 148 mln so‘mga sotayotgan shaxs ushlangan
297 mln so‘mlik qalbaki pullar savdosi fosh etildi
Foto: DXX/ ekran tasviri

Toshkent shahri va Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda uy sharoitida qalbaki pullar tayyorlash va ularni muomalaga kiritish bilan shug‘ullangan shaxs aniqlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

DXX ma’lumotiga ko‘ra, Asaka tumanida yashovchi shaxs jami 297 mln so‘mlik qalbaki banknotlarni 148 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.

100 va 200 ming so‘mlik banknotlar bo‘lgan

Tezkor tadbir davomida 100 ming va 200 ming so‘mlik soxta banknotlardan iborat 297 mln so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

DXX ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi ilgari firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan.

Uyidan printer va yarim tayyor kupyuralar topilgan

Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan.

U yerdan qalbaki banknotlar tayyorlashda foydalanilgani aytilayotgan kompyuter, Epson rusumli printer, A4 hajmdagi maxsus qog‘ozlarga chop etilgan yarim tayyor 50 ming va 100 ming so‘mlik kupyuralar hamda qog‘oz kesuvchi uskunalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov doirasida gumonlanuvchining ehtimoliy jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda 1,3 mlrd so‘mlik budjet puli talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek