Investorlar O‘zbekistondagi islohotlar davomiyligini kuzatmoqda — Reuters

eʼlon qilindi
O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar qiziqishi va biznes muhitidagi asosiy muammolar haqida material e’lon qildi
Investorlar O‘zbekistondagi islohotlar davomiyligini kuzatmoqda — Reuters
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda qariyb o‘n yil davom etgan iqtisodiy islohotlar xorijiy investorlar qiziqishini oshirdi. Biroq investorlar endilikda islohotlarning uzoq muddatli davomiyligi va ularning amalda qanday bajarilishiga e’tibor qaratmoqda, deb yozdi Reuters.

Nashrga ko‘ra, kapital cheklovlarining yumshatilishi, milliy valyutaning erkinlashtirilishi va boshqa bozor islohotlari mamlakat iqtisodiyotining ochiqligini oshirgan.

UzNIF IPO’si $2,8 mlrdlik talab oldi

2026-yil may oyida Franklin Templeton boshqaruvidagi O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi London fond birjasida IPO o‘tkazib, $690 mln jalb qilgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, joylashtirish uchun investorlar tomonidan $2,8 mlrddan ortiq buyurtma kelib tushgan. Bu London fond birjasidagi 2021-yildan buyon eng yirik IPO bo‘lgan.

T. Rowe Price portfel menejeri Leonard Kvan O‘zbekistondagi islohotlarni sezilarli deb baholab, mamlakat bozor amaliyotlariga ancha ochiq bo‘lib borayotganini aytgan.

Iqtisodiyot o‘rtacha 6% o‘sdi

Reuters qayd etishicha, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha qariyb 6% o‘sgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2021-yildagi $2,3 mlrddan 2025-yilda $4,4 mlrdgacha oshgan. Shu bilan birga, ularning YAIMdagi ulushi hanuz nisbatan pastligicha qolmoqda.

Davlat ulushi hali ham katta

Bank, energetika va tog‘-kon sanoati kabi muhim tarmoqlarda davlat kompaniyalari katta ulushni saqlab qolmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, davlat korxonalari aktivlari 2024-yil oxirida YAIMning 100%idan yuqori bo‘lgan. Reuters buni xalqaro mezonlar bo‘yicha juda katta ko‘rsatkich deb qayd etdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, oltin va uran ishlab chiqaruvchi yirik davlat kompaniyalari ham kelajakda London birjasiga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Uzum, Korzinka va Uzbekistan Airways ham xorijiy IPO o‘tkazishi mumkinligini bildirgan.

Investorlar byurokratik to‘siqlarni qayd etmoqda

Londonning Lamplighter konsalting kompaniyasi tahlilchisi Dakota Irvin O‘zbekistonda yuqori darajada islohotlar va iqtisodiy liberallashuvga kuchli siyosiy iroda mavjudligini, biroq amaliyotda muammolar saqlanayotganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim investorlar loyihalarni boshlashda kechikishlar va byurokratik qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Moody’s ham iyun oyida islohotlarning sekinlashishi O‘zbekiston kredit reytingiga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan omillardan biri ekanini qayd etgan.

TBC Uzbekistan IPO imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Reuters’ga 2018-yillarda O‘zbekistonda kundalik xarajatlarni to‘lash uchun katta miqdorda naqd pul olib yurishga to‘g‘ri kelganini esladi.

Hozir esa raqamli to‘lovlar keng tarqalgan. TBC Uzbekistan Gruziyadagi bosh kompaniyasidan alohida IPO o‘tkazish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Kurdiani investorlar uchun eng katta xavflardan biri islohotlarning barqarorligi va ularni izchil amalga oshirish ekanini ta’kidlagan.

Ortga qaytish nuqtasi ortda qoldi

Reuters bilan suhbatlashgan investorlar O‘zbekistonning avvalgi yopiq iqtisodiy modelga qaytish ehtimolini past deb baholagan.

Kurdiani esa mamlakat iqtisodiy ochiqlik borasida muhim bosqichdan o‘tganini ta’kidlagan.

«Shunday bir chiziq borki, undan keyin ortga qaytish nuqtasi qolmaydi. Menimcha, O‘zbekiston bu chiziqdan allaqachon o‘tgan», — dedi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston MDHda venchur bitimlari soni bo‘yicha yetakchiga aylangani haqida yozgan edi.

Shuningdek