O‘zbekiston avgust oyida 8 tonna oltin sotib oldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Oltin zaxiralari 439 tonnaga yetgan
O‘zbekiston avgust oyida 8 tonna oltin sotib oldi
Foto: depositphotos

O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil avgust oyida 8 tonna oltin sotib oldi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lum qildi. Mamlakatning yil boshidan buyon amalga oshirilgan sof oltin xaridlari qariyb 50 tonnaga yetdi.

Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin zaxiralari hozirda qariyb 439 tonnani tashkil etadi. Oltin mamlakat jami xalqaro zaxiralarining qariyb 90%iga teng.

O‘zbekiston avgustdagi yirik xaridorlardan biri bo‘ldi

Jahon oltin kengashi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo markaziy banklari avgust oyida sof hisobda jami 39 tonna oltin sotib olgan. Oy davomida eng katta xarid Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi – mamlakat markaziy banki zaxiralariga 20 tonna oltin qo‘shdi.

Polsha va O‘zbekiston markaziy banklari esa 8 tonnadan oltin xarid qildi. Qozog‘iston Milliy banki avgustda yana 7 tonna oltin sotib oldi.

Yil boshidan qariyb 50 tonna oltin xarid qilindi

2026-yilning yanvar – avgust oylarida O‘zbekiston Markaziy bankining sof oltin xaridlari qariyb 50 tonnani tashkil etdi.

Jahon oltin kengashining yil boshidan buyon amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarida O‘zbekiston eng yirik sof xaridorlar qatoridan joy olgan.

Bu davrda Polsha qariyb 98 tonna oltin xarid qilib, yetakchilik qilmoqda. Xitoyning sof xaridlari 80 tonnaga, O‘zbekistonning xaridlari qariyb 50 tonnaga, Qozog‘istonniki esa qariyb 36 tonnaga yetgan.

Oltin zaxiralari 439 tonnaga yetgan

World Gold Council ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston ixtiyoridagi oltinning umumiy hajmi qariyb 439 tonnani tashkil etadi. Tashkilot hisob-kitobida oltin O‘zbekiston jami zaxiralarining 90%iga yaqinini tashkil qilishi qayd etilgan.

Taqqoslash uchun, Qozog‘istonning oltin zaxiralari qariyb 377 tonnaga teng bo‘lib, u mamlakat jami zaxiralarining 79%ini tashkil qiladi.

Markaziy banklar oltin xaridini davom ettirmoqda

Jahon oltin kengashi avgust oyida markaziy banklarning oltin xarid qilish faolligi yuqori bo‘lib qolganini qayd etdi. 2026-yil boshidan avgust oxirigacha dunyo markaziy banklarining ma’lum qilingan jami sof oltin xaridlari 170 tonnaga yetgan.

Tashkilotga ko‘ra, oltin xaridlarining davom etishi markaziy banklarning zaxiralarni uzoq muddatga diversifikatsiya qilish siyosati bilan bog‘liq. Shu bilan birga, oyma-oy ko‘rsatkichlarga bozor sharoiti va likvidlikka bo‘lgan ehtiyoj ham ta’sir qilishi mumkin.

Ayrim davlatlar oltin sotmoqda

Avgustda barcha markaziy banklar ham xaridor bo‘lmagan. Rossiya Markaziy banki oy davomida 6 tonna oltin sotgan. 2026-yil boshidan uning sof oltin savdosi 56 tonnaga yetgan, jami oltin zaxiralari esa 2 271 tonnani tashkil etgan.

Iordaniya Markaziy banki ham avgust oyida 3 tonna oltin sotgan. Turkiya Markaziy banki esa ketma-ket uch oy davom etgan sof savdolardan so‘ng avgustda 3 tonna oltin sotib olgan. Shunga qaramay, yil boshidan buyon mamlakatning sof savdosi 82 tonnani tashkil etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,9 foizga o‘sishi haqida yozgan edi.

Shuningdek