Husiylar Aden va Ar-Riyod aeroportlariga hujum qilganini bildirdi

Yamandagi husiylar 7-oktabr kuni Aden xalqaro aeroportiga hujum qildi. Yaman Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujumda ballistik raketalar va portlovchi moddalar bilan jihozlangan dronlardan foydalanilgan.
Aden xalqaro aeroporti husiylar nazoratidan tashqarida bo‘lgan hududdagi Yamanning asosiy xalqaro havo darvozasi hisoblanadi.
Raketa uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqiniga tushgan
Yaman Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, raketalardan biri aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqiniga kelib tushgan.
Bu Qohiradan kelayotgan samolyot qo‘nishidan bir necha daqiqa oldin sodir bo‘lgan. Natijada reys Jiddaga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, yangi hujumlar xavfi sabab uchish-qo‘nish yo‘lagida turgan ikkita samolyot boshqa joyga ko‘chirilgan.
Husiylar Ar-Riyod aeroportiga ham hujum qilganini aytdi
Husiylarning harbiy vakili Yahyo Sariy guruh Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportiga bir nechta dron bilan hujum qilganini bildirdi.
Biroq Saudiya Arabistoni rasmiylari hozircha ushbu hujumni tasdiqlamagan.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya esa Ar-Riyod shimolida yana bir husiylar ballistik raketasi urib tushirilganini bildirdi. Koalitsiyaga ko‘ra, raketa husiylar nazoratidagi Sanodan uchirilgan.
Abha aeroporti ham nishonga olingani aytilmoqda
Yahyo Sariy boshqa bayonotida Abha xalqaro aeroporti va Xamis Mushaytdagi harbiy bazaga ham ballistik raketalar hamda dronlar bilan hujum qilinganini aytdi.
Saudiya tomoni Abha aeroportiga qilingan hujumni ham hozircha tasdiqlamagan.
Yamanda janglar kuchaymoqda
Hujumlar Yamanning bir necha hududida janglar yana kuchaygan bir paytda sodir bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat kuchlari Qizil dengiz bo‘yidagi hududlarni qaytarib olish uchun qarshi hujum boshlagan.
So‘nggi operatsiyalar davomida hukumat kuchlari Bab al-Mandab bo‘g‘ozi va Moxa shahri atrofidagi ayrim hududlardan husiylarni siqib chiqargani aytilmoqda.
Yamanda bir necha yillik nisbiy osoyishtalikdan so‘ng yoz oylarida sulh yana buzilib, qurolli to‘qnashuvlar kuchaygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaman husiylarga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlagani haqida yozgan edi.