Davlat tibbiy sug‘urtasi O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy qilindi

O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasini barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish ishlari 2026-yil 1-oktabrdan yakunlandi. Bu haqda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi axborot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva OAV uchun Kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Yangi tizimda asosiy yondashuv o‘zgardi: tibbiyot muassasasiga shunchaki budjet ajratilmaydi. Jamg‘arma davlat kafolatlagan paket doirasida aholiga amalda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun to‘lov qiladi.
Tibbiyot muassasalari uch usulda moliyalashtiriladi
To‘lovlar uch xil tartibda amalga oshiriladi: jon boshiga, global budjet va davolangan holat bo‘yicha.
Jon boshiga to‘lov biriktirilgan aholi soni, ularning yoshi va jinsini hisobga olgan holda shakllantiriladi. Global budjet esa tez tibbiy yordam, onkologiya, ruhiy salomatlik, silga qarshi kurash va boshqa ayrim xizmatlarni moliyalashtirishda qo‘llanadi. Davolangan holat bo‘yicha to‘lov esa shifoxonada bemorga amalda ko‘rsatilgan xizmat uchun amalga oshiriladi.
To‘qqiz oyda 27,1 trln so‘m to‘langan
2026-yil yanvar – sentabr oylarida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tibbiyot tashkilotlariga 27,1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lagan. Shundan 111,2 mlrd so‘mdan ziyodi nefrologiya va gemodializ xizmatlariga yo‘naltirilgan.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizimdan maqsad tibbiyot muassasalarini shunchaki saqlab turish emas, balki moliyalashtirishni ko‘rsatilgan xizmat va natijaga bog‘lashdir. Belgilangan talablarga javob beradigan nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham tizimda ishtirok etishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy poliklinikalarida ayrim tibbiy xizmatlar pullik boʻlishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi izoh bergani haqida yozgan edi.