Afg‘onistondan olib kelingan 48,5 kg narkotik ushlandi

Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib kirilayotgan 48,5 kgdan ortiq narkotik modda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Afg‘onistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan Mercedes-Benz rusumli yuk avtomobili Ayritom chegara bojxona postida chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida avtomobil tirkamasining pol qismi ostiga yashirilgan 98 ta o‘ram topilgan. Ularda 39 kg 86 gramm gashish va 9 kg 498 gramm opiy moddasi bo‘lgani aniqlangan.
Moddalar bir necha qatlamga o‘ralgan
Ma’lum qilinishicha, narkotiklar avval polietilen paket, keyin folga qog‘oziga, so‘ng skotchga o‘ralgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu usul moddalarni tekshiruv vaqtida yashirish maqsadida qo‘llanganini bildirgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov doirasida narkotik moddalarning buyurtmachilarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda maktab direktori pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.