O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma loyihalarni jadallashtiradi — Mirziyoyev Manturovni qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdoni kengaytirish, sanoat, energetika, metallurgiya va tinch atom sohalaridagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya bilan qo‘shma loyihalar kengaytiriladi
Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib borayotgani qayd etildi.
Tomonlar sanoat, energetika, metallurgiya, tinch atom va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, tovar ayirboshlashni yanada kengaytirish va sanoat zonalari doirasidagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish uchun o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi natijalari muhokama qilindi
Denis Manturov O‘zbekistonga O‘zbekiston – Rossiya Hukumatlararo komissiyasi va Hududlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarida ishtirok etish uchun kelgan.
Mirziyoyev 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda Hududlar kengashining uchinchi yig‘ilishi natijador bo‘lganini olqishladi.
Uchrashuvda hududlar va biznes vakillari darajasidagi faol muloqotni davom ettirish zarurligi ham qayd etildi.
Putin salomi yetkazildi
Suhbat avvalida Denis Manturov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Shavkat Mirziyoyevga samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda, shuningdek, oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgandi.