Ta’lim va ilm-fan vazirligi yagona tizim sifatida ishlaydi — Mirziyoyev

eʼlon qilindi
Prezident takliflar bilan tanishdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona vazirlik tashkil qilingandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan tizimni boshqaradi

Yangi vazirlikning asosiy vazifalaridan biri maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar o‘rtasida uzviylikni ta’minlashdan iborat.

Tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish, ta’lim mazmunini zamon va mehnat bozori talablariga moslashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sohaning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish vazifalari belgilangan.

Taqdimotda vazirlik faoliyatini hududlardagi real holatga asoslangan holda tashkil etish, takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish va hududiy bo‘g‘inlar mas’uliyatini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Boshqaruv raqamlashtiriladi

Ta’lim tizimida boshqaruvni raqamlashtirish va tahliliy salohiyatni oshirishga ham e’tibor qaratildi.

Bu orqali qarorlarni ishonchli ma’lumotlar asosida qabul qilish, ta’lim muassasalari faoliyatini yaxshiroq tahlil qilish va tizimdagi muammolarni hududlar kesimida aniqlash ko‘zda tutilmoqda.

Prezident ta’limning bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi zarurligini ta’kidladi.

Universitetlar va ilmiy markazlar o‘rtasidagi aloqa kuchaytiriladi

Oliy ta’limda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun mas’uliyatini oshirish taklif qilindi.

Shuningdek, yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalar amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ilm-fanda esa universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va ular asosida yangi mahsulot hamda korxonalar yaratishga e’tibor qaratildi.

Prezident mutasaddilarga yangi vazirlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflarni puxta ishlab chiqish topshirig‘ini berdi.

Avvalroq professor Qo‘ng‘irotboy Avezimbetovich Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlangandi.

Shuningdek