Farg‘ona yo‘lida «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushdi

eʼlon qilindi
Tizim sutka davomida ishlaydi
Farg‘ona yo‘lida «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushdi
Foto: depositphotos

Toshkentdagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasining 6 kilometrlik qismida 13 ta svetoforni o‘zaro muvofiqlashtiruvchi «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushirildi. Natijada ushbu yo‘lni bosib o‘tish vaqti 12-13 daqiqadan qariyb 9 daqiqagacha qisqargan.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari Qo‘yliq ko‘prigidan keyin, «Qo‘yliq ota» maqbarasidan UzBUMgacha bo‘lgan yo‘nalishdagi 13 ta svetofor obyektini yagona tartibda ishlashga moslashtirdi. Tizim sutka davomida ishlaydi.

Yo‘l vaqti 25 foizga qisqardi

O‘tkazilgan o‘lchovlarga ko‘ra, avval tig‘iz bo‘lmagan vaqtda ushbu yo‘lni bosib o‘tish uchun 12-13 daqiqa talab qilingan.

Hozir esa shu masofani taxminan 9 daqiqada bosib o‘tish mumkin. Natijada yo‘lga sarflanadigan vaqt qariyb 25 foizga qisqargan.

«Yashil to‘lqin» qanday ishlaydi

Shuningdek, o‘qing: Amir Temur xiyobonida beshta svetofor «Yashil to‘lqin» tizimiga ulandi

«Yashil to‘lqin» barcha chorrahalarda svetofor doim yashil yonib turishini anglatmaydi. Tizim svetoforlarni shunday muvofiqlashtiradiki, haydovchi belgilangan tezlikda harakat qilganda imkon qadar ko‘proq chorrahadan yashil chiroqda o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Bu qizil chiroqda to‘xtashlar sonini kamaytirish, transport oqimini bir maromda tashkil etish va yo‘lga sarflanadigan vaqtni qisqartirishga xizmat qiladi.

Svetoforlar rejimi kuzatib boriladi

Mutaxassislar kun davomida transport oqimini kuzatib boradi. Zarurat tug‘ilganda svetoforlarning ishlash rejimiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kichik halqa yo‘lida «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek