Davlat aktivlarini xususiylashtirishda yangi narx tartibi joriy etiladi

eʼlon qilindi
Xaridor topilmagan davlat aktivlarining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich pasaytiriladi, ayrim obyektlar esa qayta shakllantirilib savdoga chiqariladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda sotilmay qolayotgan davlat aktivlarini realizatsiya qilish uchun yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Bu haqda 8-oktabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot anjumanida Kursiv Uzbekistan muxbiriga ma’lum qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, savdoga qo‘yilgan davlat aktivlari uzoq vaqt xaridorsiz qolsa, ularning narxini pasaytirish mexanizmi qo‘llanadi. Xususan, aktiv ochiq elektron auksion yoki birja savdosida uch oy davomida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10%gacha kamaytiriladi.

Bundan tashqari, ikki oy davomida xaridor topilmagan aktivlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi alohida lotlarga ajratishi yoki aksincha, bir nechta obyektni bir lotga birlashtirib qayta savdoga chiqarishi mumkin. Bu mexanizm sotilmay qolayotgan aktivlarni bozorga mosroq shartlarda taklif qilish imkonini beradi.

Shuningdek, o‘qing: Reuters O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar qiziqishi va biznes muhitidagi asosiy muammolar haqida material e’lon qildi

E-auksion yangi qidiruv imkoniyatlarini ishga tushiradi

Foto: Kursiv Uzbekistan

E-auksion platformasida foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar ham joriy etilmoqda. Endi savdoga qo‘yilgan aktivlarni xaritada ko‘rish, o‘xshash lotlarni topish va qiziqqan toifalar bo‘yicha bildirishnomalar olish mumkin bo‘ladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodovning aytishicha, platforma foydalanuvchiga o‘xshash lotlarni avtomatik tavsiya qiladi.

«Savdoga chiqarilgan aktivlar haqidagi ma’lumotlarni endi bevosita xaritada ko‘rish mumkin. Masalan, foydalanuvchi Toshkent shahri yoki istalgan tumanni tanlab, qaysi manzilda qanday lot borligi, uning narxi va boshqa ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Bundan tashqari, platformaning o‘zi foydalanuvchiga o‘xshash lotlarni ham taklif qiladi. Mobil ilovada ham yangi imkoniyatlar joriy qilindi», — dedi Murodov.

Shuningdek, lotlar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish va foydalanuvchiga qulay shaklda taqdim etishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish rejalashtirilgan.

«Savdoga chiqarilgan aktivlar haqidagi ma’lumotlarni endi bevosita xaritada ko‘rish mumkin. Masalan, foydalanuvchi Toshkent shahri yoki istalgan tumanni tanlab, qaysi manzilda qanday lot borligi, uning narxi va boshqa ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Bundan tashqari, platformaning o‘zi o‘xshash lotlarni ham taklif qiladi. Mobil ilovada ovozli qidiruv, operator, buyurtmachi va ishtirokchilar faoliyatini baholash, shuningdek, sun’iy intellekt yordamida foydalanuvchilarga ko‘mak beradigan yangi imkoniyatlar joriy etiladi. Bu yil AI operatorni ham ishga tushirish rejalashtirilgan», — dedi Murodov.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari va 8 ming gektar yer sotuvga chiqarilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek