Yangi Mazda CX-5 taqdim etildi: narxi 41 ming dollardan

eʼlon qilindi
Yangi modelning narxi taxminan 41,2 ming dollardan boshlanadi
Paultan.org

Mazda uchinchi avlod CX-5 krossoverini Malayziyada rasman taqdim etdi. Yangi modelning narxi taxminan 41,2 ming dollardan boshlanadi. Bu haqda Paultan xabar berdi.

Krossover kattalashdi

Yangi Mazda CX-5 avvalgi avlodga nisbatan kattaroq bo‘ldi. Uning uzunligi 4 690 mm, kengligi 1 860 mm, balandligi 1 695 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 815 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 115 mmga uzaygani salonda yo‘lovchilar uchun ko‘proq joy yaratgan.

Krossoverning dizayni ham yangilangan. Mazda old qismdagi panjara, faralar va bamperlarni qayta ishlab chiqqan. Salon esa zamonaviylashtirilib, fizik boshqaruv tugmalarining katta qismi olib tashlangan.

185 ot kuchiga ega

Malayziya bozori uchun yangi CX-5 2,5 litrli benzin dvigateli bilan jihozlangan. U 185 ot kuchi va 257 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi.

Dvigatel olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi orqali old g‘ildiraklarni harakatga keltiradi. Krossoverning maksimal tezligi 187 km/soatni tashkil etadi.

12,9 dyuymli ekran o‘rnatildi

Salonning asosiy yangiliklaridan biri – 12,9 dyuymli multimedia ekrani. Unda simsiz Apple CarPlay va Android Auto mavjud.

Shuningdek, avtomobil 10,25 dyuymli raqamli panel, 12 karnayli Bose audiotizimi, simsiz quvvatlash, boshqaruvni avtomatik sozlash tizimlari va panoramali tom bilan jihozlangan.

Xavfsizlik tizimlari qatorida 360 darajali kamera, ko‘r nuqtalarni nazorat qilish, qatorni ushlab turish, favqulodda tormozlash va adaptiv kruiz-nazorat mavjud.

Narxi 41 ming dollardan

Malayziyada yangi Mazda CX-5’ning panoramali tomsiz versiyasi 168 510,40 ringgit, panoramali tomga ega varianti esa 171 510,40 ringgit turadi. Bu mos ravishda taxminan 41,2 ming va 42 ming dollarga teng.

Model Yaponiyadan tayyor holda Malayziyaga olib kelinadi. Xaridorlarga avtomobil uchun besh yil yoki 100 ming kilometrgacha kafolat va bepul texnik xizmat ko‘rsatish paketi beriladi.

Avvalroq Chevrolet Ecglobal kompaniyasi o‘tkazgan «Brazil Most Loved Brands – 2026» tadqiqotida avtomobil brendlari orasida birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek