2,5 ming yevro: Germaniyada 200 ta ish o‘rni taklif qilindi

eʼlon qilindi
Arizalar 15-oktabrgacha qabul qilinadi
2,5 ming yevro: Germaniyada 200 ta ish o‘rni taklif qilindi
Foto: Pexels

Migratsiya agentligi va RRG AG tashkiloti O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyada qurilish sohasida ishlashga taklif qilmoqda. Dastur doirasida 200 ta ish o‘rni ajratilgan.

Nomzodlar haftasiga besh kun, jami 40 soat ishlaydi. Mehnat shartnomasi muddatsiz tuziladi va dastlabki olti oy sinov muddati hisoblanadi.

Maosh 2500 yevro

E’longa ko‘ra, xodimlarning qo‘liga tegadigan oylik ish haqi 2 500 yevroni tashkil etadi. Germaniyada turar joy uchun oyiga 300 yevro hamda oziq-ovqat xarajatlari nomzodning o‘zi tomonidan qoplanadi.

Mehnat sharoitlari, jumladan, ish haqi, ustamalar, sug‘urta va ta’til masalalari Germaniyadagi xodimlar bilan teng shartlarda belgilanadi.

Kimlar qatnashishi mumkin

Dasturda 18 – 39 yoshdagi, oliy yoki kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi diplomga ega nomzodlar qatnashishi mumkin.

Shuningdek, tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikki yillik texnikum yoki kollej diplomi hamda so‘nggi besh yil ichida kamida ikki yillik ish tajribasi talab qilinadi.

Nemis tili bepul o‘qitiladi

Tanlovdan o‘tgan nomzodlar Toshkentdagi Berlitz o‘quv markazida sakkiz oy davomida A1 darajadan B1 darajagacha bepul nemis tili kursida o‘qitiladi. Til kursi xarajatlari Migratsiya agentligi va ish beruvchi tomonidan qoplanadi.

Bundan tashqari, til sertifikati imtihoni, viza va aviachipta xarajatlarini ham ish beruvchi to‘lab beradi.

Qaysi mutaxassisliklar kerak

Bo‘sh ish o‘rinlari orasida g‘isht teruvchi, qurilish duradgori, qurilish chilangari, sanoat mexanigi, qurilish kran operatori, payvandchi va beton quyuvchi mutaxassisliklari bor.

Arizalar 15-oktabrgacha qabul qilinadi

Arizalar 15-oktabrga qadar qabul qilinadi. Ish beruvchilar bilan onlayn suhbatlar oktabr oyidan boshlab har hafta o‘tkaziladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar guruhlar shakllanishiga qarab til kurslariga jalb etiladi.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Germaniyaga joylashgandan so‘ng oila a’zolarini doimiy yashash uchun olib kelish hamda bolalar uchun nafaqa olish imkoniyati ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistondan 40 kishi Italiyaga mavsumiy ishga yuborilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek