SpaceX Starlink uchun 800 MHz chastotalarni sotib oldi

eʼlon qilindi
Ilon Mask kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh va yerusti mobil tarmoqlarini birlashtirib, AQSh bo‘ylab deyarli uzluksiz aloqa qamrovini yaratmoqchi
SpaceX Starlink uchun 800 MHz chastotalarni sotib oldi
Foto: Pexels

SpaceX Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimini kengaytirish uchun 800 MHz diapazonidagi radiochastotalarni sotib oldi. Kompaniya ushbu chastotalardan AQSh hududining deyarli barchasini mobil aloqa bilan qamrab olish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.

Ilon Maskning aytishicha, bu kelishuv SpaceX’ning mamlakat bo‘ylab keng qamrovli mobil tarmoq yaratishi uchun zarur bo‘lgan asosiy bosqichlardan biri hisoblanadi.

«Bu SpaceX’ga Amerikada to‘liq mobil aloqa qamrovini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan chastota spektridagi so‘nggi va eng muhim element», – deb yozdi Mask X ijtimoiy tarmog‘ida.

Nega aynan 800 MHz diapazoni muhim

800 MHz diapazonidagi radiosignallar yuqori chastotalarga qaraganda devorlar va boshqa to‘siqlardan yaxshiroq o‘tadi.

Bundan tashqari, bu diapazonni ko‘plab zamonaviy smartfonlar qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli kelajakda foydalanuvchilar maxsus qo‘shimcha uskunalarsiz ham sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga ulanishi mumkin.

Chastotalar Grain Management’dan sotib olindi

SpaceX litsenziyalarni Grain Management LLC investitsiya kompaniyasidan xarid qilgan. Bitim qiymati oshkor etilmagan.

Avvalroq ushbu spektr Grain Management va T-Mobile o‘rtasidagi chastotalar almashinuvidan keyin bo‘shagan edi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xarid qilingan litsenziyalar AQSh aholisining deyarli barchasini qamrab oladigan hududlarni o‘z ichiga oladi.

Starlink mobil tarmoqlar bilan birlashtiriladi

SpaceX Starlink Direct-to-Cell tizimini an’anaviy mobil tarmoqlar bilan integratsiya qilishni rejalashtirmoqda.

Bunda smartfonlar bir vaziyatda yerusti bazaviy stansiyalariga, boshqa holatda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlarga ulanadi.

Bu, ayniqsa, mobil aloqa minoralarini o‘rnatish qimmat yoki qiyin bo‘lgan chekka hududlarda foydali bo‘lishi mumkin.

FCC ruxsati hali kerak

SpaceX to‘liq mobil tarmoqni ishga tushirishdan oldin AQSh Federal aloqa komissiyasi – FCC’dan tegishli ruxsat olishi kerak.

Kompaniya hozircha xizmat qachon ishga tushishi, tariflar qancha bo‘lishi va abonentlarni ulash shartlari qanday bo‘lishini ma’lum qilmagan.

AQSh mobil operatorlari aksiyalari pasaydi

Xabar fonida AQShning yirik aloqa operatorlari aksiyalari qo‘shimcha savdolarda pasaydi.

AT&T aksiyalari 7,3%, T-Mobile US va Verizon Communications qog‘ozlari esa 6,6% dan arzonlashdi.

Investorlar bu harakatni mobil aloqa bozorida yangi yirik raqobatchi paydo bo‘lishi ehtimoli bilan bog‘lamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Starlink ayrim hududlarda 50 foiz arzonlashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek