Chet elda ishlayotganlar pensiya olishi uchun nima qilishi kerak

Chet elda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ijtimoiy soliq to‘lab borishi mumkin. Pensiya jamgʻarmasining ma’lumotiga ko’ra, soliq to‘langan davrlar kelgusida pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Ijtimoiy soliq yiliga kamida bir BHM bo‘lishi kerak
Xorijda yollanib ishlayotgan fuqaro ijtimoiy soliq miqdorini o‘zi belgilashi mumkin. Biroq u to‘lov amalga oshirilayotgan sanadagi bazaviy hisoblash miqdorining yiliga kamida bir baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
To‘lovni har oyda, har chorakda yoki bir yo‘la amalga oshirish mumkin. Bir yo‘la to‘lash imkoniyati O‘zbekistonga qaytib kelgan kundan boshlab uch yil davomida saqlanadi.
Shuningdek, o‘qing: 2027-yilgacha xususiy pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkin
To‘lovni oila a’zolari ham amalga oshirishi mumkin
Ijtimoiy soliqni fuqaroning o‘zi, uning oila a’zolari yoki ishonchli vakili Pensiya jamg‘armasining tegishli hisob raqamiga to‘lashi mumkin. Xorijdan turib chet el valyutasida ham to‘lov qilish mumkin — bunda mablag‘ Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha so‘mga qayta hisoblanadi.
To‘lov hujjatida fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, JShShIRi hamda qaysi davr uchun to‘lov qilinayotgani ko‘rsatilishi kerak. Davr yozilmasa, to‘lov amalga oshirilgan oy uchun hisoblanadi.
Xorijda ishlagan davr qanday tasdiqlanadi
Chet elda bo‘lgan davr mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi chegarani kesib o‘tish belgilari yoki O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bergan tegishli ma’lumotlar asosida tasdiqlanishi mumkin.
Agar ijtimoiy soliq to‘lash to‘xtatilsa, pensiya uchun staj ham oxirgi to‘lov qilingan sanadan boshlab hisoblanmaydi. Belgilangan miqdordan kam to‘lov qilingan bo‘lsa, yetishmayotgan mablag‘ni qo‘shimcha to‘lash orqali tegishli davrni stajga kiritish mumkin.
Avvalroq «Kursiv» to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqayotganlar 61 foizga oshgani haqida yozgan edi.