Tramp: AQSh 3-noyabrgacha Eronga hujum qilmaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlargacha mamlakat Eronga hujum qilmasligini bildirdi. Bu haqda Axios xabar berdi.
Trampning bayonoti AQSh Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyalarni qayta boshlashi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida yangradi.
Tramp hujum saylovgacha bo‘lmasligini aytdi
Tramp Truth Social’dagi bayonotida Eron iqtisodiy va harbiy jihatdan og‘ir holatda ekanini, blokada esa davom etishini ta’kidladi.
«Biz oraliq saylovlargacha hech qachon Eronga hujum qilmaymiz», — deb yozdi Tramp.
U, shuningdek, AQSh va Eron o‘rtasida «samarali muzokaralar» olib borilayotganini bildirdi. Biroq Axios ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklar sezilarli darajada kamayganiga oid belgilar yo‘q.
Pentagon tayyorgarlikni yakunlashni buyurgan
Axios’ning yozishicha, Pentagon bir necha kun avval AQSh Markaziy qo‘mondonligiga — CENTCOM’ga Eronda yirik harbiy amaliyotlarni qayta boshlash ehtimoliga tayyorgarlikni yakunlash bo‘yicha topshiriq bergan.
Manbalarga ko‘ra, ehtimoliy operatsiya Eronning energetika obyektlari, infratuzilmasi va yadroviy nishonlariga keng ko‘lamli zarbalarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Isroil ham AQSh rejalari haqida xabardor qilingan
Axios manbalariga ko‘ra, Isroil Mudofaa kuchlari bosh shtabi rahbari Eyal Zamir AQSh rasmiylari bilan suhbatlashgan va unga yaqin haftalarda Eronga qarshi yirik amaliyotlar qayta boshlanishi ehtimoli bo‘yicha Amerika harbiy tayyorgarligi haqida ma’lumot berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Microsoft kompaniyasini PERM dasturidan chetlatgani haqida yozgan edi.