60 dan ortiq kompaniya va yirik loyihalar: Turlovning xususiy xoldingi qanday rivojlanmoqda

Turlov Private Holding Ltd. (TPH), tadbirkor Timur Turlovga tegishli xususiy investitsiyalarini birlashtiruvchi xolding bo‘lib, so‘nggi yillarda mavjud aktivlarini rivojlantirishga e’tibor qarmoqda. Asosiy loyihalar qatorida Qarag‘andada yuk aviatsiyasi xabini yaratish, Ostonada kamida $500 mlnlik data-markaz qurish va sanoat korxonalarini kengaytirish bor. 60 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan xolding strategiyasi haqida 8-oktabr kuni TPH bosh direktori Olga Baskakova ma’lum qildi.
TPH tog‘-kon sanoati, transport va logistika, aviatsiya, texnologiyalar, media, ta’lim va sport sohalariga sarmoya kiritadi. Ochiq bozorda ishlaydigan Freedom Holding Corp.dan farqli ravishda, TPH asosan uzoq muddatli va kapital talab qiluvchi loyihalarga yo‘naltirilgan.
Baskakovaning aytishicha, xolding investitsiya portfeli doimiy ravishda o‘zgarib turadi: yangi korxonalar tashkil etiladi, faol bizneslardagi ulushlar sotib olinadi va ularni kengaytirishga mablag‘ yo‘naltiriladi.
«Hozirgi asosiy vazifamiz — mavjud loyihalarni rivojlantirish. Yaqin vaqtda portfelni keskin diversifikatsiya qilish rejasi yo‘q», — dedi Baskakova.
Qarag‘andadagi yuk tashish markazi va Alatau AirCargo aviakompaniyasini rivojlantirish
TPHning infratuzilma yo‘nalishlaridan biri — Qarag‘andadagi Sariarka aeroportini rivojlantirish. Xolding 2024-yilda aeroportdagi nazorat ulushini sotib oldi va unga bog‘liq logistika hamda servis korxonalariga ham sarmoya kiritdi.
Strategiyaga ko‘ra, aeroport yirik yuk tashish markaziga aylantiriladi. Buning uchun faqat aerodrom infratuzilmasini emas, balki ombor majmualari, yoqilg‘i quyish quvvatlari, samolyotlarga yerda xizmat ko‘rsatish tizimi va temir yo‘l aloqasini ham rivojlantirish rejalashtirilgan.
«2026–2027-yillarda aeroportga faol sarmoya kiritishni rejalashtiryapmiz. Hozir uni cargo hub sifatida rivojlantiryapmiz», — dedi Olga Baskakova.
Uning aytishicha, rivojlantirish variantlari orasida ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish ham ko‘rib chiqilmoqda.
Logistika strategiyasining muhim qismlaridan biri — Alatau AirCargo yuk tashuvchi aviakompaniya loyihasi. Unda TPHning hamkori sifatida «KTJ Ekspress» ishtirok etmoqda. Bu TPH uchun davlat-xususiy sheriklik doirasidagi ilk loyiha hisoblanadi.
Kelgusi besh yil ichida kompaniya yirik yuk samolyotlari parkini kengaytirishi mumkin. Buning uchun havo kemalarini xarid qilish va ijaraga olish variantlari ko‘rib chiqilmoqda.
«Asosiy maqsadimiz — strategik vazifalardan tashqari, milliy yuk tashuvchini ishga tushirish va uni tijoriy jihatdan jozibador loyihaga aylantirish», — dedi Baskakova.
Aeroport va aviakompaniyani rivojlantirish temir yo‘l va havo transportini birlashtiruvchi multimodal logistika yechimlari bilan to‘ldirilishi rejalashtirilgan. Bu aeroport atrofida yagona yuk-logistika infratuzilmasini shakllantirish imkonini beradi.
Ostonada $500 mlnlik data-markaz
TPHning yana bir yirik loyihalaridan biri Ostonada Akashi Data Center ma’lumotlarni qayta ishlash markazini qurishdir. Ushbu majmua to‘rtta korpusdan tashkil topadi. Hozirda data-markaz Tier IV ishonchlilik darajasiga mos ravishda loyihalashtirilmoqda.
Olga Baskakovaning aytishicha, loyiha qiymati kamida $500 mln deb baholanmoqda.
«Loyihani ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha qurilish ishlari uchun investitsiya hajmi kamida $500 mln bo‘lishi mumkin», — dedi u.
Xolding bosh direktorining aniqlik kiritishicha, loyiha TPH va uning aksiyadori mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Data-markaz xoldingning katta kapital talab qiluvchi texnologik loyihalaridan biri bo‘lib, Qozog‘istonda ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qiladi.
TPH boshqa texnologik loyihalarni ham rivojlantirmoqda. Ulardan biri — tibbiy xizmatlarni raqamlashtirishga qaratilgan Med365 platformasi. U masofaviy maslahat va tekshiruvlarni tashkil etish imkoniyatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, xolding yangi texnologik yechimlarni yaratish va sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi o‘z dasturchilar hamda R&D jamoalarini shakllantirmoqda.
Oltin, mis, nikel va sanoat aktivlari
TPH investitsiya portfelining salmoqli qismini sanoat va tog‘-kon aktivlari tashkil etadi. Xolding oltin, mis va nikel konlari bilan bog‘liq loyihalarda ishtirok etmoqda.
Yirik dastlabki investitsiyalardan biri 2023-yilda Central Asia Gold kompaniyasidagi ulushni sotib olish bo‘lgan. O‘sha yili TPH Semeydagi sement biznesiga ham kirgan. Bu yo‘nalish xomashyo qazib olish, uni qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi qariyb 20 ta kompaniyani birlashtiradi.
Bunday loyihalar uzoq muddatli sarmoyani talab qiladi. Tog‘-kon sanoatida loyiha boshlanganidan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilguniga qadar qariyb o‘n yil vaqt ketishi mumkin.
«Masalan, yer qa’ridan foydalanish loyihasini olsak, maydonga kirishdan zavodni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayon o‘rtacha o‘n yil davom etadi», — dedi Olga Baskakova.
Shu sabab TPH portfelidagi ko‘plab kompaniyalar hozircha faol investitsiya bosqichida. Baskakovaning aytishicha, ular orasida foyda bilan ishlayotgan korxonalar soni zarar ko‘rayotganlaridan kam.
Biroq xolding katta kapital talab qiladigan bosqichlar yakunlanib, loyihalar to‘liq ishga tushishi bilan aktivlar qiymati oshishiga umid qilmoqda.
Kelajakda TPH bir nechta tog‘-kon kompaniyasini alohida guruhga birlashtirib, keyinchalik uni fond bozoriga olib chiqish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Avtomobil biznesidan media va sportgacha
Sanoat va infratuzilma bilan bir qatorda, TPH iste’mol va xizmat ko‘rsatish segmentlaridagi loyihalarni ham rivojlantirmoqda.
Xususan, xolding Freedom Drive kompaniyasini tashkil etgan. U avtomobil shinalari va ehtiyot qismlarini sotishga ixtisoslashgan. Kompaniya o‘z mahsulotlari va distribyutsiya tarmog‘ini rivojlantirmoqda, shuningdek, Freedom SuperApp orqali raqamli savdo kanallaridan foydalanadi.
Olga Baskakovaning aytishicha, kelajakda Freedom Drive ochiq Freedom Holding Corp. tarkibiga qo‘shilishi mumkin. Buning uchun kompaniya tegishli moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishishi kerak.
Logistika texnologiyalari yo‘nalishida xolding Relog platformasini rivojlantirishda ishtirok etmoqda. U yuk tashish jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni avtomatlashtirishga xizmat qiladi. Kompaniya Qozog‘istondan tashqari, AQSh kabi xorijiy bozorlarda ham faoliyat yuritadi.
TPHning sport portfeliga 2025-yilda xususiylashtirilgan «Shaxtyor» futbol klubi, shuningdek, bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirishga qaratilgan QJ League kabi loyihalar kiradi.
Baskakova yangi loyihalarni tanlashda asosiy mezon ularning tijoriy salohiyati ekanini ta’kidladi. Xolding ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlarni ham barqaror iqtisodiy model asosida rivojlantirishga intiladi.
TPH investitsiyalarni qanday moliyalashtiradi
Turlov Private Holding loyihalarni amalga oshirish uchun bir nechta moliyalashtirish manbalaridan foydalanadi. Ular orasida o‘z mablag‘lari, aksiyadorlardan olingan qarzlar, bank kreditlari va qarz bozori instrumentlari bor.
TPH portfelidagi ayrim kompaniyalar «Astana» xalqaro moliya markazi yurisdiksiyasida obligatsiyalar chiqarish orqali ham kapital jalb qilmoqda.
«Biz biznes modeli uchun qaysi vosita samaraliroq bo‘lsa, shundan foydalanamiz», — dedi Baskakova moliyalashtirish yondashuvi haqida.
Bundan tashqari, xolding Xitoydan kapital jalb qilish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar bilan bir qatorda qarz instrumentlari, jumladan panda-obligatsiyalar chiqarish varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.
Baskakovaning aytishicha, Xitoydagi potensial hamkorlar bilan muzokaralar vaqt talab qiladi. Shunga qaramay, TPH yirik loyihalar uchun moliyalashtirish manbalarini kengaytirishdan manfaatdor.
60 dan ortiq kompaniya va mustaqil boshqaruv modeli
Portfel ko‘lami katta bo‘lishiga qaramay, TPHning boshqaruv kompaniyasida qariyb 30 kishi ishlaydi. Bunga xoldingning investitsiya modeli sabab: portfeldagi kompaniyalar o‘z boshqaruv jamoalari, moliyaviy xizmatlari va operatsion mustaqilligini saqlab qoladi.
Olga Baskakovaning aytishicha, TPH faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni sotib olayotganda menejmentning professionalligiga alohida e’tibor beradi va shakllangan jamoalarni imkon qadar saqlab qolishga intiladi.
Xolding investitsiya loyihalarida, odatda, nazorat paketiga ega bo‘lishni afzal ko‘radi. Shu bilan birga, ayrim kompaniyalarda minoritar aksiyador sifatida ham ishtirok etadi. Investitsiya hajmi va xoldingning biznesdagi ulushi har bir loyiha bo‘yicha alohida belgilanadi.
Freedom Holding Corp. integratsiyalashgan moliyaviy ekotizimni rivojlantirsa, Turlovning xususiy xoldingi turli sohalardagi kompaniyalarni birlashtiradi. Shu bilan birga, ayrim aktivlar o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlari ham paydo bo‘ladi. Masalan, Sariarka aeroporti, yuk aviakompaniyasi va logistika xizmatlari bir-birini to‘ldiruvchi yo‘nalishlar sifatida rivojlantirilmoqda.
Turlov Private Holding Ltd. — 2021-yil 19-iyulda tashkil etilgan va «Astana» xalqaro moliya markazi yurisdiksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy investitsiya kompaniyasi. Xolding Freedom Holding Corp. asoschisi va bosh ijrochi direktori Timur Turlovning shaxsiy investitsiya aktivlarini birlashtiradi.
TPH ochiq Freedom Holding Corp.dan alohida faoliyat yuritadi. Freedom Holding Corp. aksiyalari AQShning Nasdaq birjasida savdo qilinadi. TPH esa sanoat, infratuzilma, transport, logistika, texnologiyalar, media, ta’lim va sport sohalaridagi uzoq muddatli investitsiyalarga e’tibor qaratadi.
Xolding portfelida 60 dan ortiq kompaniya bor, investitsiya loyihalarining asosiy qismi Qozog‘istonda jamlangan. TPH bosh direktori sifatida Olga Baskakova ish olib boradi.