O‘zbekistonda kiberjinoyatlardan zarar 1 trln so‘mdan oshdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
2026-yilda kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolar 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘qotgan, jabrlanuvchilarga 210 mlrd so‘m qaytarilgan
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonda 2026-yil boshidan shu vaqtgacha bo‘lgan davrda 69 mingdan ortiq kiberjinoyatlar sodir etilgan. Fuqarolarga yetkazilgan zarar 1 trln so‘mdan oshgan, shundan 210 mlrd so‘mi jabrlanuvchilarga qaytarilgan. Bu haqda joriy yilning 9-oktabr kuni Ichki ishlar vazirligining «Qonun ustuvorligi va jamoat xavfsizligi: Ichki ishlar organlarining 9 oylik faoliyat yakunlari va ustuvor vazifalar» mavzuidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sagdullayevning aytishicha, kiberjinoyatchilar fuqarolarni aldash uchun tobora turli usullardan foydalanmoqda.

«Fuqarolar tomonidan yo‘qotilgan mablag‘lar 1 trln so‘mdan oshgan. Shundan 210 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ jabrlanuvchilarga qaytarildi», – dedi Sagdullayev matbuot anjumanida.

Shuningdek, o‘qing: Toshkent shahrida Telegram messenjeri orqali fuqarolarning 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘larini o‘g‘irlagan kiberjinoyatchilar qo‘lga olindi

Har ikkinchi holatda soxta APK fayllar sabab bo‘lmoqda

IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sagdullayev. Foto: iiv.uz

Sagdullayev kiberhujumlarning katta qismi fuqarolarning soxta APK fayllarni ochishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

«Bugungi kunda fuqarolarimizning 50 foizi soxta APK fayllarni ochish orqali kiberhujumga uchramoqda. Negaki, yurtimiz aholisida kiberjinoyatlarga oid huquqiy madaniyat hali yetarli emas», – dedi u.

Departament vakili jurnalist va blogerlarni ham kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha huquqiy targ‘ibotda faol qatnashishga chaqirdi. Sagdullayevning ushbu bayonoti IIV tizimidagi rasmiy kanallarda ham e’lon qilingan.

Telegram’da tarqalayotgan «ovoz bering» xabarlaridan ogohlantirildi

Matbuot anjumanida internet firibgarligining keng tarqalgan usullaridan biri sifatida Telegram akkauntlarini egallab olish sxemalari ham tilga olindi. Firibgarlar foydalanuvchiga tanishi nomidan «ovoz bering», «eng yaxshi rahbar» yoki shunga o‘xshash tanlovlarda qatnashishni taklif qiluvchi havolalarni yuborishi mumkin.

Foydalanuvchi soxta sahifaga kirib, kerakli ma’lumotlarni taqdim etsa, uning Telegram akkaunti jinoyatchilar nazoratiga o‘tishi xavfi mavjud. Keyinchalik egallab olingan akkauntdan uning kontaktlariga xabar yuborish, pul so‘rash yoki boshqa firibgarlik sxemalarini davom ettirish uchun foydalanilishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek